Jamiyat | 21:47 / 28.06.2018
17279
3 daqiqa o‘qiladi

IIV 6 oyda: Telegram'dagi info-kiosk, pasayib borayotgan jinoyatchilik va elektron navbatlar haqida

Foto: KUN.UZ

Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonovning «O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tomonidan 2018 yilning birinchi yarim yilligi mobaynida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta'minlash borasidagi faoliyati to‘g‘risida»gi hisoboti eshitildi.

Unda ta'kidlanishicha, joriy yil davomida olib borilgan kompleks ishlar natijasida bugungi kunga kelib, sodir etilgan jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 12 ming 33taga yoki 40,7 foizga kamaygan.

«​Jinoyat qidiruv yo‘nalishidagi jinoyatlar esa 7 ming 599taga yoki 40,7 foizga kamayishga erishildi. Shu jumladan, qotillik 57 taga (186ta qayd etilgan) yoki 23,5 foizga, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 89 taga (376ta) yoki 19,1 foizga, nomusga tegish 76 taga (42 holatda) yoki 76 foizga pasaygan»​, deydi vazir.

O‘tayotgan yilning birinchi yarim yilligida respublika hududida jinoyat sodir etib, sud va tergov idoralaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 2 ming 445 nafari ushlandi.

«​Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish borasida 1 ming 234 ta noqonuniy holatlar aniqlandi. Korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi 2 ming 204 ta jinoyatlar aniqlandi»​, deb ma'lumot berdi Bobojonov.

Pasport almashinuvi davrida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf etish maqsadida ijtimoiy tarmoqlardan faol foydalanilmoqda.

«​Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yo‘nalishi bo‘yicha fuqarolarni doimiy yashash manzillaridagi pasport bo‘limlari tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmat turlariga qarab taqdim etiladigan hujjatlar ro‘yxatini olish uchun fuqarolarga yanada qulayliklar yaratish maqsadida, «Telegram» ijtimoiy tarmog‘ida @PassportInfoUz botida zarur bo‘ladigan ariza, blanklar hamda boshqa zaruriy xujjatlar ro‘yxatini olish imkoni mavjudligi to‘g‘risida axborot ma'lumotlari ham joylashtirildi.

Bundan tashqari dpm.uz yangilangan veb-sayti orqali biometrik hujjat olish uchun elektron navbatga qo‘yish, hujjatlarni olish uchun davlat bojini Click elektron tizimi orqali to‘lashning imkoniyati yaratildi»​, deb qayd etgan Po‘lat Bobojonov.

Mavzuga oid