O‘zbekiston | 23:33 / 29.06.2018
2727
4 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro Mehnat tashkiloti O‘zbekistonning majburiy mehnatga barham berishda erishayotgan yutuqlarini olqishladi

2018 yilning 29 iyun kuni Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “O‘zbekistonda mehnat huquqlari targ‘ibotida ijtimoiy media va jurnalistik surishtiruvning o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) Uchinchi tomon monitoringi loyihasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda Yevropa Ittifoqi, AQSh va Shveytsariya hukumatlari hamda Jahon banki hamkorligida tashkil etdi. Unda mutasaddi davlat idoralari, O‘zbekistondagi nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari, shuningdek mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirok etdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

Tadbir mehnat huquqlari sohasida qabul qilinayotgan so‘nggi huquqiy hujjatlar ijrosi, xalqaro standartlar va sohada OAV erkinligi bo‘yicha milliy amaliyot muhokamasi uchun o‘ziga xos maydon bo‘ldi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ijtimoiy media nafaqat ijtimoiy va tijoriy platforma, balki hukumat va fuqarolar o‘rtasidagi qulay muloqot mexanizmi hamda mashhur yangiliklar manbasiga aylanib bormoqda.

Foto: Xalqaro Press-klub

Anjumanda ishtirok etgan O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norbayeva, mehnat huquqlarini keng ommaga targ‘ib qilishda, majburiy mehnatga qarshi kurashishda va bu illatni batamom yo‘q qilishda OAV vakillarining o‘rni xususida fikr bildirdi. 

“O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda mehnat masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda. Bunga sabab, afsuski, aksariyat fuqarolarimizning qonunlar to‘g‘risida yetarli bilimga ega emasligidir. Bunda ommaviy axborot vositalarining o‘rni muhim. Bizga faktlarga va ishonchli manbalarga tayanadigan sifatli mustaqil jurnalizm kerak. OAV kuzatuvchi va qonunchilikni saqlovchilar rolini bajarishlari zarur. Agar normalar buzuladigan bo‘lsa, jurnalistlar bu haqdagi axborotni yetkazishlari va jurnalistik tergovlar o‘tkazishlari zurur, - dedi T.Norboyeva.

Xalqaro Mehnat tashkilotining O‘zbekistondagi katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup, tashkilot O‘zbekiston hukumatining majburiy mehnatga barham berish borasida ochiqligi va bu borada erishayotgan yutuqlarini olqishlashini bildirdi. 

“Barcha mehnat huquqlari haqida gapirish va qiziqish huquqiga ega. Bu aholini xabardor qilish va amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan hukumat hamda fuqarolar o‘rtasidagi doimiy muloqot uchun juda muhim. XMT O‘zbekiston hukumatining ochiqligi va bu yo‘lda erishilayotgan natijalarni olqishlaydi. Prezidentning bu boradagi ochiq siyosati qo‘llab-quvvatlashimizga loyiqdir. Ushbu siyosatning amalga oshirilishi kelajakda sezilarli natijalarni beruvchi bosqichma-bosqich rivojlanishni nazarda tutadi. XMT ushbu rivojlanishning bir qismi bo‘lishdan mamnun”, - deya ta'kidladi Yonas Astrup. 

Foto: Xalqaro Press-klub

Anjumanda O‘zbekistonda mehnat huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini qo‘llab-quvvatlashda OAV bilan hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat va nodavlat tashkilotlari huquqiy mehnat haqida aholini xabardorligini oshirishda qanday qilib ijtimoiy mediadan samarali foydalanishlari mumkin? Joylarda qonun normalarining bajarilishi bo‘yicha OAV qanday ishlarni amalga oshirishlari mumkin? Hukumat tomonidan jarayonlarning jadallashishi bo‘yicha yana qanday ishlar amalga oshirilishi zarur, kabi masalalar bo‘yicha fikrlar almashildi.

Ma'lumki, bugungi kunda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli ta'minlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2017 – 2020 yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi amalga oshirilmoqda.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid