Nyu-York sobiq meri va Bloomberg axborot agentligi asoschisi Maykl Blumberg AQSh prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi. Bu Amerikani tarixda ikkinchi marta Forbes ro‘yxati a'zosi boshqarishi mumkin deganidir.

Vakillar palatasining sobiq spikeri demokrat Tomas O'Nillning «all politics is local» iborasi keyinchalik Amerika siyosatini tahlil qilishda ekspertlar tomonidan keng qo‘llanila boshladi. Buni so‘zma-so‘z "barcha siyosatlar mahalliy" deb tarjima qilish mumkin, bu amerikaliklar va Qo‘shma Shtatlar falsafasini aniq ifodalaydi.

Jyeyms Medison va Aleksandr Gamilton faqat tashqi siyosat ichki imkoniyatlarni amalga oshirish jihozi bo‘lishi kerak, deb hisoblashgan. Xalqaro faoliyat asosida esa g‘oyaviy emas, savdo manfaatlari yotishi kerak.

«All politics is local» formulasi shuningdek ichki siyosiy jarayonning uzluksizligini bildiradi, ya'ni bunda saylovlarda endigina g‘alaba qozongan har bir siyosatchi ertasi kundan qayta saylanish bo‘yicha bo‘lg‘usi kampaniyasini rejalashtira boshlaydi. Ikki yirik voqea - noyabr oyidagi Kongressning oraliq saylovlari va 2020 yildagi prezidentlik poygasiga tayyorlanayotgan demokrat va respublikachilar aynan shunlay vaziyatdalar.

Murakkab siyosiy tuzilmaga har qanday o‘zgarishlar ta'sir qilishi mumkin, bu ham Kapitoliydagi respublikachilar, ham prezident Donald Tramp (Forbes global reytingida №766, moliyaviy holati - 3,1 milliard dollar) uchun qimmatga tushishi mumkin.

Foto: AFP

Oq uyning amaldagi rahbarining reytinglari havas qilarli darajada emas. Bir tomondan, u soliqlarni kamaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchini himoyalash va ishchi o‘rinlarni oshirish imkonini beruvchi iqtisodiyotni muhofaza qilishga qaratilgan siyosati tufayli aholining kattagina qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Boshqa tomondan esa, respublikachilar vakili muhojirlarga bo‘lgan munosabati va sog‘liqni saqlash sohasidagi tushunarsiz pozitsiyasi sabab ko‘plab hujumlardan himoyalanishiga to‘g‘ri kelmoqda.

Bundan tashqari, Tramp avvalgidek 2016 yilgi prezidentlik saylovlariga xorijiy agentlarning ta'siriga doir tergovlar bilan shug‘ullanayotgan maxsus "Myuller komissiyasi" nishoni ostida. Respublika partiyasi ham eng yaxshi siyosiy formada emas. Senatda ko‘pchilikni yo‘qotish ehtimoli mavjudligini inobatga olsak, respublikachilarning tajriba qilishi amri mahol. Ular yuqori ehtimol bilan o‘z resurslarini Trampning atrofida birlashtirishadi. Xillari Klintonning mag‘lubiyatidan keyin Oq uyni qo‘ldan chiqargan demokratlar o‘z navbatida yangi xaloskor izlashmoqda.