Odil sudlov haqida gap ketar ekan, ko‘z o‘ngimizda barchadan mustaqil, faqat qonun doirasida ish ko‘ruvchi, barcha dalillarni sinchiklab o‘rganib chiqib odilona qaror chiqaruvchi sudyalar gavdalanadi.

Biroq ming afsuski amaliyotda doim ham bunday odil sudyalarni topa olmaysiz. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, qo‘l uchida ishni ko‘rishi, yaqqol dalillardan ko‘z yumishi, tergov organlari aytgan gapga chippa-chin ishonib, hatto qonunni ham chetlab o‘tuvchi holatlar ham mavjudligi dilimizni xira qiladi. Biz quyida bayon qiladigan Samarqand viloyatida bo‘lgan sud majlislari gapimizning yaqqol isboti bo‘lishi mumkin.

Maqolamiz qahramoni haqida

Mushtariylarda tasavvur hosil bo‘lishi uchun sud hukmi bilan aybdor deya topilgan maqolamiz qahramoni haqida qisqacha ma'lumot berib o‘tamiz.

Qahramonimiz Umarov Shuxrat Xalikulovich Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida joylashgan “Juma elevatori” aksiyadorlik jamiyati raisi sifatida 2017 yilning 14 martidan 2017 yilning 18 iyuligacha mehnat faoliyatini amalga oshirgan. U rahbarlik qilgan davrida korxona faoliyatida bir qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirilgan, xususan:

- “Juma elevatori” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qo‘shni Afg‘oniston davlatiga 4000 tonna bug‘doy eksport qilingan, natijada korxona hisob-raqamiga xorijdan 760.000 AQSh dollari kelib tushgan;

- Turkiya davlati bilan jamiyat o‘rtasida 120 tonnalik yangi tegirmon qurishga shartnoma imzolangan;

- korxonaning mavjud tegirmon sexi ta'mirlanib, ishlab chiqarish quvvati 82-85 foizgacha ko‘tarilgan, omixta yem sifati yaxshilangan, ishlab chiqarish hajmi ikki barobar oshgan;

- sobiq rahbariyat davrida korxonada xodimlarning ish haqidan, byudjyet va byudjyetdan tashqari to‘lovlardan boqimanda qarzdorliklar hamda mol yetkazib beruvchi tashkilotlardan vujudga kelgan 3,5 mlrd so‘mlik kreditor qarzdorlikning qariyb yarmi yopilgan;

- bir necha yillardan buyon ish haqilarni o‘z vaqtida olaolmasdan, oylik ish haqi o‘rniga qisman natura holida non va omixta yem mahsulotlari olib kelayotgan, oxirgi 6 oydan buyon oylik ish haqi olmagan ishchilar oylik ish haqini o‘z vaqtida va to‘liq olishni boshlagan;

- korxona ishchi-xizmatchilariga qulay sharoitlar yaratish maqsadida bir necha yillardan buyon korxona hududida ko‘rinmay qolgan “Otoyo‘l” avtobuslari olib kelinib ta'mirlangan, korxonaning hududi obodonlashtirilib, jamiyat xodimlari uchun “Ishchilar oshxonasi” qurish, ma'muriy binoni ta'mirlash ishlari boshlangan edi.