«Marakana»-1950, «Mineyrau»-2014, «Qozon»-2018. Braziliya endi jahon chempionati favoriti emas, chunki jamoa Belgiyaga yutqazib turnirni tark etdi.

Jahon chempionati-2018
1/4 final
Braziliya – Belgiya – 1:2 (0:2)
Gollar: Fernandinyu, 13 - avtogol (0:1). De Bryuyne, 31 (0:2). Renatu Augustu, 76 (1:2).
Braziliya: Alisson, Fagner, Tiagu Silva, Miranda, Marselu, Koutinyu, Fernandinyu, Paulinyu (Renatu Augustu, 73), Villian (Robertu Firminu, 46), Gabriel Jyezus (Duglas Kosta, 58), Neymar.
Belgiya: Kurtua, Alderveyreld, Kompani, Fertongen, Mene, E.Azar, Vitsel, Fellaini, De Bryuyne, Shadli (Fermalen, 83), Lukaku (Tilemans, 87).
Ogohlantirishlar: Alderveyreld, 48. Mene, 71. Fernandinyu, 85. Fagner, 90.
Hakamlar: MAJICh, Jurjyevich, Ristich (barchasi Serbiya).

Bexosiyat graffiti

Foto: Reuters

O‘yinning 6 daqiqasi o‘tar-o‘tmas Neymar Fellayni bilan to‘qnashuvdan keyin gazonda yotardi. Uning bu safardagi jahon chempionatidagi ishtiroki yiqilishlari va dumalashlari bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Ushbu futbolchi Serbiyaga qarshi o‘yinda 10 marta maydonga yotib olgach, memlar qahramoniga aylandi. OAV esa u jahon chempionatidagi 4 o‘yinda 14 daqiqani maydonda yotib o‘tkazganini hisoblab chiqdi.

Neymar - ajoyib futbolchi. Ammo afsuski u aktyorlik mahoratini o‘z futbol texnikasi bilan qorishtirib yuborgan. U o‘z texnikasi bilan Braziliya terma jamoasining asosiy yulduziga aylangan, u «Oltin to‘p»ga da'vogarlar qatorida. Ammo u jahon chempionatida faqat Qozon shahri devorlarida e'tirof etiladigan bo‘ldi. Qozonga navbatdagi top-futbolchi tashrif buyurishi munosabati bilan Lionel Messi va Krishtianu Ronaldudan keyin Neymarning ham graffitisini ishlashdi.

Foto: Sport Ekspress

Braziliyalik futbolchiga qozonliklarning syurprizi yoqqandi, u instagramiga ushbu suratni joylashtirdi ham. Ammo u buning bexosiyatliligidan bexabar edi. Bir yil muqaddam Qozonda Konfederatsiyalar kubogida Ronalduning graffitisi ishlangandi va portugallar Chiliga yutqazib, turnirni erta tark etgandi. Bir hafta muqaddam Tatariston poytaxtida Lionel Messining ulkan tasvirini devorga muhrlashdi va futbolchi jahon chempionatini tark etdi. Endi esa Neymar oxirgi o‘yinini Qozonda o‘tkazdi.