Jahon | 22:02 / 08.07.2018
14911
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda bir sutka ichida 150dan ortiq jangari yo‘q qilindi

Foto: RIA Novosti / Valeriy Melnikov

Afg‘oniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari mamlakatning turli qismlarida to‘qqizta tozalash operatsiyasini va 89ta maxsus kuchlar operatsiyasini o‘tkazdi, mamlakat harbiy-havo kuchlari esa jangarilar makonlariga to‘qqiz bor aviazarba berdi. Bu haqda RIA Novosti xabar bermoqda.

Afg‘on harbiylari shuningdek jangarilarning bir nechta transport vositalari, mototsikllari, qurol va o‘q-dorilarini ham yo‘q qildi. Operatsiyalar Farax, G‘azni va Nangarxar viloyatlarida o‘tkazildi.

Tolo News  telekanalining xabar berishicha, afg‘on kuch tuzilmalari IShID terrorchilik guruhi jangarilarining Nangarxar viloyatidagi Xaska Mina tumani Gorgori qishlog‘ida joylashgan tayanch punktini yo‘q qilishdi. 

Afg‘on harbiylarining bildirishicha, operatsiya 10 kun ilgari boshlangan va xorijlik harbiylar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan. Ayni paytga kelib 150 nafar IShID jangarisi yo‘q qilingani aytilmoqda.

"Bu yerda ularning o‘quv markazlari bo‘lgan. Xuddi shu yerda ular sakkiz chegarachining boshini tanasidan judo qilishgan. Xavf hali ham saqlanib qolmoqda, chunki mazkur joy minalashtirilgan", — dedi Afg‘oniston armiyasining maxsus bo‘linmasi a'zosi Mujtaba.

Telekanalning xabar berishicha, operatsiya hamon davom etmoqda. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, bir nechta qishloq hali ham IShID nazorati ostida. Dix Bala tumani aholisi harbiylar operatsiyani yakunlab hududni tark etishlari bilan terrorchilar yana qaytishidan xavotirlanmoqda.

Mavzuga oid