Kattaqo‘rg‘on shahar IIBdagi zo‘ravonlik: o‘sha kuni bo‘limda yana bir ayol kaltaklangan
Kun.uz muxbiri Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahar ichki ishlar bo‘limining tezkor vakili San'at Umarov tomonidan tahqirlanib, qip-yalang‘och qilib yechintirilgan va s'yomka qilingan N.T. xonadonida bo‘lib, u bilan suhbatlashdi.
N.T. bo‘lgan voqealarni shunday hikoya qilib berdi:
— Erim vafot etgan, hech qayerda ishlamayman. Ikki nafar yosh bolam bor. Ularni boqish uchun turli ishlar bilan shug‘ullanib yuraman. Tan olaman, yalangoyoq qolgan bolam uchun kalish o‘g‘irlab bir marta qo‘lga tushganman. Bu ishdan o‘shandayoq tavba qilganman.
O‘sha (3 iyun) kuni Kattaqo‘rg‘on shahridagi dehqon bozoriga bozor-o‘char qilish uchun borgan edim. Bozorlik qilishga ulgurmasimdan militsionerlar meni nimadandir gumon qilib ushlashdi. Keyin shahar ichki ishlar bo‘limiga olib borishdi. U yerda ana shu hammaga ma'lum bo‘lib ulgurgan voqealar ro‘y berdi.
— Sizni yalang‘och qilib ko‘chaga chiqargan, degan mish-mishlar bor?
— Yo‘q, shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosarining qabulxonasida yechintirishdi. O‘sha binodagi hamma militsionerlar ko‘rdi. Shahar IIB o‘rinbosari ham kelib tomosha qilib ketdi. Biroq hech kim hech narsa demadi. Navbatchilik qismi oldigacha qip-yalang‘och qilib chiqarishdi, lekin binodan ko‘chaga chiqarishgani yo‘q.
— Bu voqea video tarqalib ketgach, butun dunyoga 5 iyul kuni oshkor bo‘ldi. Siz dabdurustdan bilib qoldingizmi yoki ungacha S.Umarov ustidan arz qilgan edingizmi biror joyga?
— Meni ichki ishlar bo‘limida shu holga solishganidan so‘ng uyga juda yomon kayfiyatda keldim. Ancha vaqt o‘zimga kela olmadim. Bir tomondan qandaydir yo‘l bilan arz qilish istagi ustun bo‘lsa, ikkinchi tomondan — baribir, ayolmiz, el-yurt oldida sharmanda bo‘lishdan qo‘rqib turdim. Kimga dardimni aytishni bilmasdim, orqamda turib beradigan biror insonim bo‘lmasa. Xullas, bu voqeani hech kimga aytmasdan yurdim.
Oradan 15 kuncha vaqt o‘tgach, mahallaga prokuraturadan vakil kelib chaqirtirdi. Hayron bo‘ldim, nega meni prokuratura vakili chaqirtiryapti ekan, deb. Ularning qo‘lida o‘sha video bor ekan. «Sizni shu qadar xo‘rlabdi, nega S.Umarov ustidan shikoyat qilmadingiz, deb so‘rashdi. Bu odam jazosini olishi kerak. Endi siz bizga o‘sha kuni nimalar ro‘y berganini yozib berasiz», deyishdi.
Men «Yozib bermayman, Xudoga soldim, O‘zi jazosini beradi. Lekin men jinoyat qilmagan edim. Lekin avval bir adashib jinoyat qilgan odamni hech kimi yo‘q deb, qo‘rqitib urib, shu ahvolga solishi shartmidi», deb prokurorga aytdim. «Yo‘q, yozib bermasdan ilojingiz yo‘q. Bu videotasvir Samarqandgacha borgan. Hali sizni Samarqand viloyat prokuraturasi ham chaqirtiradi», deyishdi. Shunday deyishganidan so‘ng, bo‘lgan voqealarni yozib berdim. Bo‘ldi.
So‘ng 5 iyul, payshanba kuni tonggi soat 4:30 larda eshik taqillab qoldi. Chiqib qarasam — ikki moshina to‘la 10 tacha militsiya va prokuratura organlari xodimlari kelishgan ekan.
Meni Kattaqo‘rg‘on shahar IIBga olib borishdi. Samarqanddan kelgan tergovchilarmi, tezkor vakillarmi mendan yana nima voqealar bo‘lgani to‘g‘risida ko‘rsatmalarimni yozib olishdi.
«Sizning o‘sha holatingiz Internetga chiqib ketganini bilasizmi?», deb so‘rashdi.
Mening yuragim boshqacha bo‘lib ketdi. Albatta, bu men uchun kutilmagan noxush yangilik edi. Videomaterial internetda tarqalib ketganidan o‘sha payshanba kuni ichki ishlar bo‘limida voqif bo‘ldim.
Keyin meni Samarqand shahriga olib borishdi. U yerda San'at Umarov bilan yuzlashtirib, savol-javob qilishdi.
N.T.ning manfaatlarini himoya qiluvchi advokat Azamat Ashurboyevning bildirishicha, videoda o‘sha kuni ikkinchi ayol ham bo‘lgan. Uni ham axtarib topish ustida harakat olib borilmoqda.
Videomaterialda San'at Umarovdan tashqari yana bir ichki ishlar organi xodimi o‘sha yerda mavjud bo‘lgan ayolga «sen ham hozir mana shunday yechinasan», deya po‘pisa qilganini eshitish mumkin.
N.T. u ayolni tanimasligini bildirdi. N.T.dan bu borada so‘raganimizda u ikkinchi ayol bilan bog‘liq voqeani qisqacha shunday tasvirlab berdi:
— Yo‘q, u ayolni yechintirishmadi. Uni kaltaklashdi, rosa ko‘p kaltaklashdi…
KUN.UZ surishtirgan ma'lumotlarga ko‘ra, F. ismli ayol o‘sha kuni Kattaqo‘rg‘on shahar tibbiyot birlashmasi binosida mast holda mojaro ko‘tarib, deraza oynalarini sindirgan. Uning bu qilmishi yetkazilgan zararni qoplatish va jarima to‘latish o‘rniga, ichki ishlar organlari xodimlarining kaltaklariga mubtalo bo‘lgan.
O‘ylaymizki, Respublika va Samarqand viloyati tergov-surishtiruv organlari IIBdagi ikkinchi ayol kim bo‘lgani, nega u kaltaklangani, uni kim kaltaklagani, S.Umarovdan boshqa o‘sha kuni ichki ishlar bo‘limida, navbatchilik bo‘limida kimlar bo‘lgani, Kattaqo‘rg‘on shahar prokurori nega bunday holatlarga panja orasidan qarab kelgani, ushbu shaxslarga nisbatan qanday jazolar qo‘llanilishi haqida ochiq axborotlarni taqdim etishadi. Aybdorlar qonunchilikda belgilangan jazolarini olishadi. Unday shaxslar huquq-tartibot organlariga boshqa yaqin yo‘latilmaydi, degan umiddamiz.
N.T. «O‘zbekistonimizda bu qadar yaxshi odamlar ko‘p ekanligini bilmagan edim. Menga dalda bergan, ma'naviy va moddiy yordam ko‘rsatayotgan barcha-barchaga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman», dedi.
Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir o‘rinbosari, respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva o‘z qo‘l ostidagi xodimlar bilan birgalikda N.T.ning oilasiga shaxsan kelib, undan xabar oldi. N.T.ning xonadonida T.Norboyeva ichki ishlar tizimida xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash borasida o‘zaro hamkorlik va islohotlar boshlash kerakligi haqida ham ta'kidlab o‘tdi.
Shuhrat Shokirjonov
Mavzuga oid
09:09 / 20.12.2024
Samarqandda 19 yoshli ayol 16 yoshli qizni kaltakladi
10:13 / 01.08.2024
Kattaqo‘rg‘onda Nexia urib ketishi oqibatida erkak va uning 4 yoshli qizi halok bo‘ldi
21:38 / 22.05.2024
Kattaqo‘rg‘onda bog‘cha tarbiyalanuvchisi jarohatlandi. Uni boshqa bola tishlab tashlagani aytilmoqda
07:48 / 12.09.2023