Jamiyat | 21:20 / 10.07.2018
20905
2 daqiqa o‘qiladi

Magistratura bo‘yicha o‘qimoqchi bo‘lgan xodimning ish joyi saqlanadimi? 

SAVOL: Men magistraturada texnologik yo‘nalish bo‘yicha o‘qib kelmoqchiman. Magistratura bo‘yicha o‘qish muddati 2 yil ekan. Shu muddat ichida o‘qishimni tugatib kelsam, ish joyim saqlanadimi?

JAVOB: Mehnat qonunchiligiga ko‘ra ishni ta'lim bilan qo‘shib olib borishga ruxsat etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 248-moddasiga ko‘ra, ishlab chiqarishda kasbga doir ta'lim olayotgan, ishlab chiqarishdan ajralmagan holda malakasini oshirayotgan yoki ta'lim muassasalarida o‘qiyotgan xodimlarga ishni ta'lim bilan birga qo‘shib olib borishlari uchun ish beruvchi zarur sharoitlar yaratib berishi shart.

Adliya vazirligida 22.02.2003 yilda 1222-son bilan ro‘yxatga olingan “Oliy ta'lim to‘g‘risida”gi Nizomning 50-bandiga ko‘ra ta'limning kunduzgi shaklida ta'lim olayotgan talabaga o‘qishdan bo‘sh vaqtda – kunning ikkinchi yarmida, oliy ta'lim muassasasining o‘zida yoki boshqa tashkilotlarda mehnat shartnomasi asosida ishlashga ruxsat etiladi.

Lekin qonun hujjatlarida ikki yil davomida magistratura bosqichida tahsil olishni ixtiyor etgan xodimning shu muddat davomida ish joyi saqlanishiga oid qoida ko‘zda tutilmagan. 

Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, agar xodim magistratura bosqichiga o‘qishga kirsa va uning o‘qish joyi bilan ish joyi o‘rtasidagi masofa yaqin bo‘lsa (bir kunda ham o‘qishga, ham ishga borish imkoniyati mavjudligi nazarda tutilmoqda), o‘qishdan bo‘sh vaqtlarda, to‘liq bo‘lmagan stavkada mehnat faoliyatini davom ettirishi mumkin.

Bordiyu, xodimning oliy ta'lim muassasasida o‘qishi uni ishga kelish imkoniyatini butunlay cheklasa, xodimning mehnat shartnomasi bekor qilinadi va uning ish joyi saqlanmaydi.

Dilshod Abdukadirov,
huquqshunos.

Mavzuga oid