O‘zini saudiyalik shahzoda deb tanishtirgan firibgarni cho‘chqa go‘shti fosh qilib qo‘ydi
O‘zini 30 yilga yaqin vaqt davomida saudiyalik shahzoda deb tanishtirgan amerikalik firibgar haqida batafsil ma'lumotlar e'lon qilindi, deb yozmoqda Daily Mail.
47 yoshli Entoni Jinyak Kolumbiyada tug‘ilgan bo‘lib, amerikalik oila tomonida asrab olingan va AQShda o‘sgan. 2008 yilda mehmonxona va bir nechta kompaniyalarga 10 ming dollar miqdorida zarar yetkazgani uchun firibgarlik bo‘yicha sudlangan. O‘sha davrda u o‘zini shahzoda deb tanishtirib atrofdagilarni aldab yurgan.
Sud jarayonida ma'lum bo‘lishicha, u 1991 yildan buyon soxta nom ostida odamlarni aldab kelgan. Mayamida uning pentxausi va bir nechta qimmatbaho mashinalari bo‘lgan.
U bilan bog‘liq so‘nggi holat 2017 yil martda sodir bo‘lgan. Jinyakning sheriklaridan biri amerikalik developer Jyeffri Saffer bilan bog‘langan. U ishbilarmonga Saudiya Arabistonining merosxo‘r shahzodasi Safferga qarashli kurortga 440 million dollar sarmoya kiritish istagida ekanligini aytgan.
Amerikalik ishbilarmon uning so‘zlariga ishongan va shahzodani mehmonga taklif etgan. Firibgar diplomatik raqamli yangi Ferrari avtomobilida kelgan (keyinroq u bu avtomobilni eBay internet auksionida sotib olgani ma'lum bo‘ldi). Avgustda Saffer Jinyakning pentxausida mehmon bo‘lgan. Uchrashuv chog‘ida «shahzoda» unga Dubay bankining 600 million dollar mablag‘ni kafolatlashi haqidagi soxta maktubini ko‘rsatgan.
O‘sha oyda ular Aspen shahrida navbatdagi muzokara uchun uchrashishgan. Saffer ilk bor o‘sha yerda undan shubhalana boshlagan. U musulmon mamlakatidan kelgan sarmoyador islom dinida taqiqlangan cho‘chqa go‘shtini paqqos tushirishiga e'tibor qaratgan. Developer xavfsizlik xizmatidan uni tekshirishni so‘ragan va firibgarlik ma'lum bo‘lgan.
Safferning arzidan so‘ng Florida huquqni muhofaza qilish organlari o‘z surishtiruvini boshlagan. Jinyak 2017 yil noyabrda soxta nom ostida aeroportga kelganida qo‘lga olingan. Uning pentxausidan turli ism-shariflarga bitilgan tashrif qog‘ozlari, minglab dollarlar va Saudiya qirollik oilasi a'zosi nomidagi moliyaviy hujjatlar topilgan.
2018 yil mayida Jinyak o‘zini xorijlik diplomat va boshqa davlat hukumatining rasmiy vakili deb tanishtirib yurgani, firibgarlik maqsadida boshqa ismlardan foydalanganini tan oldi. Unga nisbatan hukm avgustda chiqarilishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
15:43 / 03.08.2024
10 yildan beri qidiruvda bo‘lgan avtofiribgar Turkiyada ushlandi
16:28 / 24.07.2024
Polshada o‘smirlarni pichoqladi deyilgan o‘zbekistonlik yigit aslida jabrlanuvchi bo‘lib chiqdi
08:39 / 10.02.2024
Qashqadaryoda yuzlab odamlarni qariyb 6,5 mlrd so‘mga chuv tushirgan firibgarlar qidirilmoqda
13:00 / 19.12.2023