O‘zbekiston | 23:07 / 11.07.2018
7945
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda rahbar ayollar tendensiyasi bo‘yicha bayonot berildi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda rahbar ayollar ko‘payishiga doir tendensiya kuzatilmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gulnora Ma'rufova Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan Butunjahon aholishunoslik kuniga bag‘ishlangan "Oilani shakllantirish - ayol va erkakning teng huquqi" mavzusidagi tadbir doirasida KUN.UZ muxbirining rahbar ayollar haqidagi savoliga shunday javob berdi.

"So‘nggi yillarda vazirlar va ularning o‘rinbosarlari orasida ham ayol-rahbarlar paydo bo‘lmoqda. Bizda ta'lim va sog‘liqni saqlash sohasida asosan ayollar rahbarlik lavozimlarida ishlashadi. Viloyatlardagi tashkilotlarda ham ayol-rahbarlar tendensiyasi bo‘yicha siljish bor. 2004 yilda bizda shunday kvota joriy etilganki (qo‘shni davlatlar va boshqa qator mamlakatlarda bunday kvotaning o‘zi yo‘q), unga ko‘ra saylovlarda nomzodlarni ilgari surayotgan paytda, albatta, 30 foiz kvota ayollarga ajratilgan bo‘lishi kerak. Mana endi biz yangi saylov tomon yaqinlashyapmiz", - deydi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida yetakchi ayollar bilan ishlashga oid loyihalar ustida ishlanmoqda, bunday ayollarning ro‘yxatini shakllantirishga doir ishlar olib borilmoqda.

"Liderlik qobiliyati bor ayollar bilan ishlar boshlangan. Ta'kidlash joizki, o‘tgan saylovda biz juda yaxshi natijaga erishdik. Tuman va viloyat miqyosidagi deputatlik uchun nomzodlarning 22-23 foizini ayollar tashkil qildi. Bu jamiyat oldinga qarab ketayotganini ko‘rsatadi", - deydi Gulnora Ma'rufova.

Bundan tashqari, mutaxassisning ta'kidlashicha, Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi hamda mintaqalar miqyosida rahbar ayollar uchun o‘quv mashg‘ulotlari tashkil qilinmoqda. Ularda Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan bir qatorda turli vazirlik va idoralar vakillari qatnashishmoqda.

UNFPA (BMT Aholishunoslik jamg‘armasi)ning O‘zbekistondagi vakili Miyeko Yabuta xonim yuqoridagi javobga qo‘shimcha qilib, bu kabi holat faqat O‘zbekistonda emas, qator mamlakatlarda kuzatilishini aytdi.

"Kamdan-kam ayollar karera bo‘ylab harakatlanishadi va yuqori lavozimlarga erishishadi. Shu bilan birga, bu yerda ayollarning salohiyatini chegaralash bo‘yicha nafaqat erkaklar, balki ayollarda ham andozaviy fikrlash mavjud va bu masalada ommaviy axborot vositalaridan kengroq ish olib borishni so‘ragan bo‘lardim", - dedi Yabuta xonim.

Mavzuga oid