Kichik yoshli farzandi bor ayollarning ishlashi uchun qanday sharoitlar yaratilmoqda?
O‘zbekistonda kichik yoshli farzandi bor ayollarning aksariyati ish bilan ta'minlanmagan bo‘ladi, ular bola muayyan yoshga yetgunga qadar, ba'zan esa bir umr uy bekasiligicha qolaveradi. Biroq kam ta'minlangan yoki yashayotgan muhiti nosog‘lom bo‘lgan oilalardagi ba'zi ayollar bolaning 3-4 yoshga to‘lishini kutib o‘tira olmaydi, chunki moliyaviy yetishmovchilik bor, bu esa oilada ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi, psixolik nosog‘lom vaziyat yuzaga kelib, oxir-oqibat ajrimgacha yetadiganlari bor. Shunday muammoli vaziyatlarning oldini olish maqsadida bugun O‘zbekistonda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Butunjahon aholishunoslik kuniga bag‘ishlangan "Oilani shakllantirish - ayol va erkakning teng huquqi" mavzusidagi tadbir doirasida shunga doir bayonot berildi.
"Haqiqatan, yosh bolasi bor, lekin daromad ko‘rishga ehtiyoji boru sharoiti yo‘q ayollar talaygina. Biz hozir Samarqand va Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida yangi loyiha ustidagi ishlarni boshladik. Xalqaro tashkilot hisoblangan UNFPA (BMT Aholishunoslik jamg‘armasi)ning ko‘magida viloyatlarimizda nodavlat-notijorat tashkilotlar markazlari - "Mehr ko‘zda", "Oydin nur" hamda "Rahmdillik" tashkilotlariga aynan shunday yosh farzandi boru lekin oilasidan uzilmagan holda ishlamoqchi bo‘lgan, kam ta'minlangan yoki imkoniyati cheklangan ayollar qamrab olinyapti. Bunday ayollarning elektron bazasi shakllantirildi. Mana shu loyihaning oxirida 50 nafar ayolimizga minitexnologiyalar olib berib, ularning o‘z faoliyatlarini boshlashlariga ko‘mak beramiz. Bu - biznes yo‘nalishida", deya ma'lum qilindi tadbirda.
Ma'lum qilinishicha, davlat tashkilotlarida ishlash istagida bo‘lgan ayollar uchun ham bir yangilik qilinmoqda. Rivojlangan mamlakatlardagi tashkilotlarda maxsus Call-Center xizmatlari mavjudligini ko‘pchilik biladi. Endi O‘zbekistonda ham mana shunday Call-Center orqali ayollarning subagentlik faoliyatini shakllantirish rejalashtirilmoqda. Masalan, O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi nodavlat-notijorat tashkilot hisoblanib, unga kishilar o‘z istagiga ko‘ra a'zo bo‘ladi. Subagent shu tashkilot xizmatlarini targ‘ib qilishi kerak bo‘ladi. Mana shunday istak bildirgan ayollar jamlanib, ularga subagent sifatida oilasidan uzilmagan holda yoki haftada ikki marta kelib, o‘sha tashkilot xizmatlarini reklama qilish taklif etiladi.
Ta'kidlash joizki, rivojlangan mamlakatlarning aksariyatida ayollarning hatto davlat idoralariga ham farzandlari bilan kelib ishlashi uchun sharoitlar mavjud. Masalan, ayol 1 yoshli farzandi bilan ishga kelib, uni deylik ofisning birinchi qavatida joylashgan bolalar xonasida qoldiradi va rejaga ko‘ra yarim ishchi kuni yoki sharoitga qarab to‘liq ishchi kunini o‘tab, farzandini olib uyiga qaytadi. Bugungi kunda katta islohotlar olib borilayotgan O‘zbekistonda ham shunday sharoit yaratilsa, kichik yoshli farzandi bor ayollar juda xursand bo‘lishar edi. Bu oilada yetishmovchilikning oldini olish bilan bir qatorda ayolning shaxs sifatida rivojlanishini ham ta'minlaydi. Tabiiyki, o‘z faoliyatidan qoniqish hosil qilgan ayolning ruhiy holati ham, atrofdagilarga bo‘lgan munosabati ham ijobiy bo‘ladi. Shu bilan birga, qanchadan-qancha ayollar yangi ish o‘rinlari bilan ta'minlanishar edi. Zero bunday bolalar xonalari O‘zbekistonning barcha mintaqalaridagi idora va tashkilotlarda tizimli ravishda tashkil qilinsa, ularda ishlash uchun enagalar talab etiladi.
Mavzuga oid
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
11:30 / 31.10.2024
Uch hududda fuqarolarni xorijga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi
07:50 / 26.10.2024
O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 5,1 mln so‘mdan oshdi
10:20 / 21.10.2024