Jahon | 00:02 / 12.07.2018
9195
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp NATO mamlakatlaridan zudlik bilan mudofaa xarajatlarini oshirishni talab qildi

Foto: getty images

AQSh prezidenti Donald Tramp NATOga a'zo barcha mamlakatlardan zudlik bilan mudofaa xarajatlarini YaIMning 2 foiziga yetkazishni talab qildi.

"AQSh Yevropa muhofazasi uchun pul sarflaydi-da, savdo sohasida milliardlab dollarlarni yo‘qotadi. NATO mamlakatlari 2025 yilga borib emas, hozirning o‘zidayoq YaIMning 2 foizini to‘lashlari kerak", - deb yozadi u o‘zining Twitter'ida. 

"Germaniya gaz va energiya resurslari uchun Rossiyaga milliardlab dollar to‘lasa, NATOdan qanday naf? Nima uchun 29 mamlakatdan atigi beshtasigina o‘z majburiyatlarini bajarmoqda?", - deya savol bilan yuzlanadi Amerika prezidenti. 

Bundan avval Oq uy matbuot kotibi Sara Sanders Tramp alyans sammiti davomida NATOga a'zo mamlakatlarga o‘zlarining mudofaa xarajatlarini YaIMning 4 foizigacha chiqarishni taklif qilgani haqida aytgandi. "NATO sammitidagi bugungi nutqi davomida prezident tashkilotga a'zo mamlakatlarga mudofaa xarajatlarini nafaqat YaIMning 2 foizigacha yetkazishga doir majburiyatlarini bajarishlarini, balki bu ko‘rsatkichni 4 foizgacha chiqarishini taklif qildi", - dedi Sanders. 

Bolgariya prezidenti Rumen Radev Amerika prezidentining bunday talabi haqida shunday fikr bildirdi: "Bu raqamlar e'lon qilinganidan keyin u (Donald Tramp - tahr.) uchrashuvni tark etdi, keyingi chiqishlar davomida uning talabi boshqa tilga olinmadi", - deydi Radev. 

"NATO - xavfsizlik sotib olinadigan birja emas, biroq boshqa tomondan, prezident Tramp haq, zero har bir davlat samarali mudofaa xususiyatlarini qurishi kerak. Shunday bo‘lsa-da, Bolgariyadagi xavfsizlikka mablag‘lar qay darajada xohishga qarshi ajratilayotgani ayon", - deya prezidentning so‘zlarini keltirgan Bolgariya milliy radiosi. 

Radevning fikricha, AQSh tomonidan bosim davom etadi va bu transatlantik beqarorlik yuzasidan Rossiya bilan muloqot qilish zarur.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева

Mavzuga oid