Jamiyat | 22:32 / 19.07.2018
6648
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 22 ta oila yarashtirildi

19 iyul kuni Qibray tumanida O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi va Oliy sud tomonidan imzolangan memorandumga asosan o‘tkazilgan tadbirda Toshkent viloyatidagi 22 ta oila yarashtirildi. Viloyat hokimligi manbasi KUN.UZ'ga shu haqida xabar berdi. 

O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi "Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlashga doir kompleks chora-tadbirlar" dasturida belgilangan oilalar mustahkamligini ta'minlash, oilaning farzand tarbiyasi borasidagi mas'uliyatini oshirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash, jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlashda oilaning tutgan o‘rnini targ‘ib qilish hamda jamiyatda fuqarolarning qonuniy haq-huquqlari so‘zsiz himoyalanishini ta'minlash maqsadida bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud raisining o‘rinbosari X.Yodgorov ishtirokida sayyor uchrashuv o‘tkazildi. Unda Toshkent viloyati xokimligi,  viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi, viloyat fuqarolik sudi vakillari, hokim o‘rinbosarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, hududiy FHDYo bo‘lim mudirlari, "Oila" markazi rahbarlari, imom xatiblar, otinoyilar hamda ajrim arafasidagi oilalar ishtirok etdi. 

Tadbirda nikoh munosabatlari, oilaviy masalalar yuzasidan sud qarorlari ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan muhokamalar o‘tkazilib,  tegishli fikr-mulohazalar bildirildi. 

Tadbir yakuniga ko‘ra, Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi 22 ta oila yarashtirildi.

Mavzuga oid