O‘zbekiston | 12:05 / 20.07.2018
11679
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura: 139 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi

Foto: Sputnik

Bosh prokuratura tarkibida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi tashkil etilib, boshqarma tomonidan Prezident qarorlari va topshiriqlari ijrosi ustidan tizimli nazorat amalga oshirilmoqda.

Mahkama matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2018 yilning o‘tgan davrida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti qarorlari ijrosi hududlarga chiqqan holda o‘rganilib, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etgan 60ta qaror va topshiriqlar ijrosi bajarilishi ta'minlandi.

Mazkur tekshirishlar davomida asosiy e'tibor prezidentning qaror va topshiriqlarini o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishiga hamda mansabdor shaxslar tomonidan prezidentning topshiriqlari talablarini so‘zsiz bajarilishi borasidagi mas'uliyatini yanada kuchaytirishga qaratildi.

Tekshirishlar natijasiga ko‘ra, 139 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi hamda qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 4ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga, 125ta tadbirkorlik sub'yektlariga 99,6 mlrd so‘m va 280,4 mln AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘lari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 858 gektar yer maydoni hamda 111 ta qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari ajratilishi, 26 mlrd so‘m, 1,9 mln AQSh dollari va 2,5 mln yevro miqdordagi kredit mablag‘larining qaytarish muddatini uzaytirishga amaliy yordam ko‘rsatildi, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun 55,2 mlrd so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari ajratilishi ta'minlandi.

Mavzuga oid