O‘zbekiston | 12:10 / 20.07.2018
39109
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘qituvchining maoshi o‘rtacha oylik ish haqining 79 foizini tashkil etadi

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda O‘zbekistondagi 9,7 ming maktabda 5,2 million o‘quvchi ta'lim oladi, o‘quv-tarbiya va boshqaruv jarayonida 450 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi. 

O‘zA’ning yozishicha, parlament quyi palatasining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Umumiy o‘rta ta'lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchining obro‘sini oshirish – davr talabi” mavzuidagi kengaytirilgan yig‘ilishda maktablardagi ahvolni yaxshilash uchun nima qilish kerak, degan asosli savolga javob izlandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018 yil 17 iyul kuni umumiy o‘rta ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlashda tegishli vazirlik va idoralar oldida turgan masalalarga asosiy e'tibor qaratilgan edi. 

Davlat rahbari tomonidan qayd etilganidek, keyingi yillarda o‘quvchilar darsliklar bilan, kompyuter sinflari esa jihoz va kompyuter jamlanmalari bilan to‘liq ta'minlanmagani, ta'lim muassasalarining internet tarmog‘iga yetarli darajada ulanmagani, aksariyat maktablarda o‘quvchilar soni sig‘imiga nisbatan ikki barobarga ko‘pligi, ayrim fanlardan o‘qituvchilar yetishmasligi yoki maktablarda o‘qituvchilar qo‘nimsizligining yuqoriligi kabi omillar umumiy o‘rta ta'lim maktablarida ta'lim sifatining keskin pasayib ketishiga olib keldi. 

Shuningdek, o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishi sifatli tashkil etilmagani, maktablarda hamshiralar faoliyati qoniqarli yo‘lga qo‘yilmagani hamda o‘quvchilarning chuqur bilim olishi, ota-onalar tomonidan farzandlarining ta'lim-tarbiya egallashi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratib berish bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarmasligi ham bunga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatdi. Ma'lumotlarga qaraganda, respublikadagi umumta'lim maktablarining 60 foizi ta'mirtalab ahvolda. Maktablarda internetdan foydalanish atigi 7 foizni tashkil qiladi. 

Ayniqsa, xalq ta'limi xodimlari oylik maoshining pastligi, ular o‘z vazifasidan boshqa ishlarga ham jalb qilinib kelingani natijasida o‘qituvchilarning reyting ko‘rsatkichlari ham yildan-yilga pasayib bordi. Yig‘ilish ishtirokchilarining fikricha, ayrim rivojlangan davlatlarda o‘qituvchining maoshi mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqidan 1,5 barobar ko‘p bo‘lgan holda, O‘zbekistonda o‘qituvchining maoshi o‘rtacha oylik ish haqining 79 foizini tashkil etishi ta'lim sifatiga o‘z ta'sirini ko‘rsatishi tabiiy. Holbuki, maqomi va daromadi oshgan o‘qituvchi ta'limda sifat indikatori bo‘la oladi. 

Shuningdek, umumiy o‘rta ta'limni sifat jihatdan yuqori bosqichga ko‘tarishda davlat ta'lim standartlari hamda o‘quv rejalar va o‘quv dasturlarini takomillashtirish, darsliklar mazmunini, sifatini tanqidiy jihatdan qayta ko‘rib chiqish lozim. Ayniqsa, umumiy o‘rta ta'lim maktablarini kuchli boshqaruv malakasiga ega bo‘lgan rahbarlar bilan ta'minlash, o‘quv-tarbiyaviy jarayonlarni to‘g‘ri tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga alohida e'tibor qaratilishi, 2019 yil Davlat byudjyeti parametrlarini ko‘rib chiqishda xalq ta'limi tizimiga ajratiladigan mablag‘lar miqdorini oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

Yig‘ilishda ushbu masala yuzasidan parlament nuqtai nazaridan yondashib, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida o‘qitish sifatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan qonun hujjatlarini ishlab chiqish, mavjudlarini bugungi talablar asosida takomillashtirish xususida so‘z yuritildi. Bunda parlament va jamoatchilik nazoratini olib borish asnosida pedagoglarning shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish, ota-onalarning farzandlari ta'lim-tarbiyasiga nisbatan majburiyatini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining rolini oshirish kabi muhim masalalarga alohida e'tibor qaratish lozimligi ta'kidlandi. 

Mavzuga oid