O‘qituvchilari qorovulxonada o‘tiradigan maktab: Farg‘onadagi abgor ta’lim maskanidan reportaj
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani “Qaynar buloq” MFYda joylashgan 54-maktabda o‘quvchilar joy yo‘qligidan o‘qituvchilar xonasida ta’lim oladi. O‘qituvchilar qorovulxonadan qo‘nim topgan. Sport zali devorlari nurab tushgan. Maktabni ta’mirlash uchun 2 mlrd so‘m kerak. Ammo Farg‘onada buncha pulga atlas bayrami o‘tkazishni afzal bilishadi.

Tahririyatimizga kelgan murojaat ortidan mazkur maktabda bo‘lib ta’lim dargohining holati bilan tanishdik.
Ma’lum bo‘lishicha, maktab 1992 yilda qurilgan bo‘lib unda 160 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 15 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritadi. 2020 yilda ta’lim muassasasining bir qismi mahalla ko‘magida hashar yo‘li bilan, 2021 yilda esa viloyat hokimligi tomonidan binoning 8 ta xonasi, 1-qavat yo‘lagi va tashqi tomon ta’mirlangan.
Umumiy maydoni 3 gektarni tashkil qiladigan maktabning asosiy binolari nurab tashlandiq holatga kelgan. Qishloq bolalari o‘z hududida ta’lim muassasasi bo‘laturib sharoit yo‘qligidan, joy yetishmasligidan qo‘shni mahalladagi maktabga avtobusda qatnab o‘qishga majbur. Surishtiruv davomida ta’lim muassasasida kuzatuv kamerasi, Wi-Fi qurilmasi mavjud emasligi aniqlandi.

Mahalla faollaridan biri Barhayot Usmonov e’tibor berilmayotgan ta’lim tizimidagi muammolarni ijtimoiy tarmoqqa joylagach unga IIB tomonidan tahdid bo‘lib, uyidan olib ketishgan.

“Murojaatlar ortidan 2018 yilda Prezident davlat maslahatchisi boshchiligida ishchi guruh holatni o‘rganib maktab 2019-2020 yillarda ta’mirlanishi aytilgan edi.
2021 yilda maktabning abgor ko‘rinishini tasvirga olib ijtimoiy tarmoqqa joyladim. Ertasi kuni ichki ishlar xodimlari kelib uyimdan olib ketishdi.

Ular muammoni ko‘targanim uchun tuman “kattalari” Otabek Sattoriydek “yo‘q qilib yuborishlari” bilan tahdid qilishdi.
2022 yil sentabr oyida yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida maktabda hatto ichimlik suvi yo‘q edi. Suv tortib kelish uchun yordam berishlarini so‘rab tuman xalq ta’limi bo‘limi rahbarining qabuliga kirdik. Rahbar mablag‘ yo‘qligini aytib “homiy topinglar”dan boshqasiga o‘tmadi. Shundan keyin tuman hokimiga murojaat qildik. U qurilish bo‘yicha o‘rinbosarimga aytaman, masala hal bo‘ladi deb va’da berdi. Lekin va’da bajarilmadi. Bu borada tuman prokurori ham yordam bermadi.
Tumanimizdan najot bo‘lmagach, viloyat prokuraturasidan suv quvuri olib berishlarini iltimos qildik. 400 metr quvur olib berishdi. Mahalla ahli pul to‘plab maktabga suv olib keldik.

Maktabda birorta kompyuter yo‘q. Biz ham farzandlarimiz yaxshi sharoitlarda o‘qishini xohlaymiz. Wi-Fi va hatto maktab hududida kuzatuv kamerasi mavjud emas. Darvoza tepasiga qo‘yilgan kamera esa xo‘jako‘rsinga qo‘yilgan. U ishlamaydi. Oshxona ham abgor holatda. Sanitariya talablariga javob bermaydi. Faollar zali yo‘q.


Maktab muammosini ko‘tarib Vazirlikka borganimda Respublika bo‘yicha har bir maktab kompyuterlashtirilgani, Wi-Fi va kamera bilan ta’minlanganini aytib gaplarimga ishonmadi.
2022-2023 o‘quv yilida 26 nafar o‘quvchi maktabga chiqdi. Ularga xona yetishmasligini bilib oldindan tuman sektor rahbarlariga chiqib 1-sinflar uchun o‘quv xonasi yo‘qligini aytdik. Kelib holatni o‘rganib ketishdi, lekin va’da berganlaridek bo‘sh yotgan xonalardan biri ta’mirlab berilmadi.

Qishloq aholisi mavjud imkoniyat bo‘laturib 7 km yo‘l bosib 45-maktabga borib o‘qib kelishadi. Bo‘sh yotgan sinf xonalari esa yillar davomida ta’mirtalab holatda turibdi. 1-sinflar o‘qituvchilar xonasida dars o‘tishadi. O‘qituvchilarga esa xona yo‘q. Ular qorovulxonada o‘tirishadi. Ta’lim uchun tuman kattalari yordam bermayapti,” – deydi u.

Mahalla faollaridan yana biri Mansurjon Ergashev maktabni kapital ta’mirdan chiqarish yillar davomida paysalga solib kelinayotganini ta’kidladi.

“Maktabda isitish tizimida ham muammo mavjud. Sport zalida ham kamchiliklarimiz ko‘p. Yoshligimizda shu maktabda ta’lim olganmiz. Hozirda dargoh deyarli to‘kilib tushgan. Dargohni o‘z vaqtida ta’mirlab berishmadi. Kapital ta’mirlash ishlari kechikib ketdi. Darslar o‘z vaqtida o‘tilmaydi. Stadionni ham mahalla hashar yo‘li bilan tashkil qildi. Qishloq bolalari xona yetishmaganidan 45-maktabga avtobusda qatnab borib o‘qishadi.

Sport zalining devorlari yorilib ketgan, g‘ishtlari ham nurab tushgan. Xavfsizlik talablariga javob bermaydi,” – deydi u.
Maktabning kapital ta’miri uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani aytildi. Lekin isitish tizimi loyihaga kiritilmagan – Abdurashid Abdullayev, maktab direktori

“2008 yilda o‘quvchilar soni kam bo‘lganligi munosabati bilan maktab o‘z faoliyatini tugatgan. 30 nafar o‘quvchi qo‘shni mahalladagi 45-maktabga qatnab o‘qishgan.
Aholi soni ko‘payishi bilan 2016 yilda maktab filiali ochishga ehtiyoj tug‘ildi. 2020 yilda 1-4, 5-9-sinflardan jami 8 ta sinf o‘quvchilari o‘qishni boshladi.


Shu yilning noyabr oyidan tuman hokimligidan maktab tuman investitsiya dasturiga tushgani, dekabr oyidan qurilish ishlari boshlanishi, buning uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani haqida aytishdi. Bu mablag‘ga maktab tom qismi va sinf xonalari ta’mirlanishi ko‘zda tutilgan ekan. Lekin negadir isitish sistemasi loyihaga kiritilmagan.
O‘qituvchilar xonasida o‘quvchilar dars o‘tishadi. O‘qituvchilarning joyi qorovulxonada.
Ota-onalar chiqishib maktab faoliyat uchun yaroqsizligi, o‘quvchilarni bino bosib qolish xavfi borligi haqida e’tirozlar bo‘lgan. Tegishli tashkilotlar maktab “qovurg‘asi” baquvvat ekani, o‘quvchilarga xavf tug‘dirmasligi haqida xulosa berishgan”, — deydi u.
Tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nargiza Siddiqova maktabning alohida bo‘lib ajrab chiqishiga harakat qilingani, kapital ta’mirlash uchun 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani, loyihalashtirish ishlari olib borilganini ta’kidladi.

Tuman XTB mudiri o‘quv yili boshida aholi tomonidan maktabga ichimlik suvi tortib kelish uchun XTBga mablag‘ ajratib berishlari uchun borishgani, lekin nima sababdan mablag‘ ajratilmagani haqidagi savolimizga javob bera olmadi. Bundan tashqari rahbar ayol binoda ta’mirlash ishlari qachondan boshlanishini aniq bilmasligini ta’kidladi.
E’tiborlisi, maktabni normal holatga keltirish uchun 2 mlrd so‘m kerakligi aytilmoqda. Farg‘onada esa buncha pulga atlas bayrami o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda maktablarni internet tarmog‘iga ulash maqsadida davlat budjetidan jami 4,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Ammo Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu pullar vaqtida o‘zlashtirilmagani sabab hozirgi kunda 3 mingdan ortiq umumta’lim maskani Wi-Fi qurilmalari bilan ta’minlanmagan.
Shu yil 6 sentabrdagi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda yangi maktablar qurilishi mavzusiga to‘xtalib, respublika bo‘yicha 290 ta, birgina Farg‘ona viloyatida 23 ta maktabda yangi o‘quv yili boshlangunga qadar qurilish-ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetmaganini tanqid qilgandi.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov
Tavsiya etamiz
Ish staji yetarli bo‘lmasa ham pensiya tayinlanadimi?
O‘zbekiston | 10:03 / 31.05.2025
Eng ko‘p tug‘ilish qayd etilgan hudud ma’lum qilindi
O‘zbekiston | 11:34 / 30.05.2025
Alonso «Real»da. Endi kim o‘zgaradi – klub yoki murabbiy?
Sport | 11:37 / 29.05.2025
Chet ellik jangchilar, xususan o‘zbeklar Suriyadan quviladimi?
Jahon | 21:35 / 28.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
NYT: Ilon Mask Trampning saylovoldi kampaniyasi vaqtida giyohvand moddalar iste’mol qilgan
Jahon | 09:00
-
Tojikistondan 16 kg giyohvandlik vositasi olib kelgan shaxsga sud hukmi o‘qildi
O‘zbekiston | 08:28
-
Bryanskda yo‘lovchi poyezd ustiga ko‘prik quladi. Qurbonlar bor
Jahon | 05:14
-
«PSJ» finalda «Inter»ga 5 ta gol urdi
Sport | 01:49
Mavzuga oid

07:40 / 31.05.2025
Farg‘onada sifati kafolatlanmagan 8 mlrd so‘mlik dorilarning savdoga chiqarilishi oldi olindi

18:37 / 29.05.2025
Farg‘onada tanishini qasddan bosib o‘ldirgan haydovchiga hukm o‘qildi

17:02 / 15.05.2025
“Baribir shu yerga quramiz”– Farg‘ona shahrida bolalar maydonchasi o‘rniga “dom” qurilyapti

13:36 / 03.05.2025