Isroilda qabul qilingan qonun arab davlatlari noroziligiga sabab bo‘lmoqda
Arab davlatlari ligasi bosh kotibi Ahmad Abu al G‘ayt Isroil hukumatining Falastin xalqiga qarshi yo‘naltirilgan harakatlari ustidan xalqaro tergov o‘tkazishga chaqirdi. Misr poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan Arab parlamenti ittifoqining favqulodda yig‘ilishida Liga rahbari ana shunday murojaat bilan chiqdi, deb yozadi Al-Ahram gazetasi.
Abu al G‘ayt "Isroilning Falastin xalqi huquqlarini poymol qilish, xususan G‘azo mintaqasining qamal qilinishiga qaratilgan jinoyatlarini" xalqaro darajada tergov qilishga chaqirdi. Bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, "Falastin muammosi o‘ta xavfli davrni boshidan kechirmoqda". Uning aytishicha, bu bevosita "Vashingtondagilar Falastin inqirozini hal qiladi deb hisoblagan qarorlari, ya'ni Quddusni Isroil poytaxti deb tan olish qarori ortidan BMTning falastinlik qochoqlarga yordam beruvchi Yaqin Sharqdagi agentligi faoliyatining to‘xtatilishi va agentlikka moliyaviy yordamning muzlatilishi, Vashingtonning Falastin rahbariyatiga dushmanlarcha munosabati" bilan bog‘liq.
30 martdan buyon falastinliklar G‘azoda "Qaytish marshi"ni o‘tkazishmoqda. Har juma kuni namoyishlar ommaviy tus olganida Isroil bilan chegaradosh hududlarda to‘qnashuv va tartibsizliklar yuz bermoqda. Falastinlik shifokorlarning ma'lumotlariga ko‘ra, mart oyidan buyon G‘azo mintaqasida Isroil harbiylari bilan to‘qnashuvlar oqibatida 130ga yaqin falastinlik halok bo‘lgan, o‘n minglab kishilar jarohatlangan.
Isroilning milliy tusi haqidagi qonuni
Ahmad Abu al Hayt shuningdek, Isroil parlamenti tomonidan qabul qilingan Isroilning milliy tusi haqidagi qonun Falastin xalqiga nisbatan kamsitish siyosatini mustahkamlaydi.
Abu al G‘aytning ta'kidlashicha, mazkur qonun "Isroil kuchlarining qamaldagi G‘azo mintaqasidagi tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravonligi kuchayishiga, oddiy fuqarolarning halok bo‘lishiga olib keladi va xalqaro qonunchilikka ziddir".
Misr hukumati ham mazkur qonunning qabul qilinishiga nisbatan o‘z munosabatini bildirib, xalqaro hamjamiyatni bu borada hamkorlikka chorladi. Misr TIVning bayonotida xalqaro hamjamiyat "Falastin xalqini himoya qilishda hal qiluvchi rolni o‘ynashga va ikki mustaqil davlat, xususan Falastin davlatini tuzish tamoyiliga asoslangan tinchlik jarayonini olg‘a surish bo‘yicha sa'y-harakatlarni kuchaytirishga" chaqirildi.
Isroil davlatining yahudiycha tusi haqidagi qonun 19 iyul kuni mamlakat parlamenti tomonidan qabul qilindi. Unda "Isroil davlati yahudiy xalqining o‘z diniy, madaniy va tarixiy huquqini belgilaydigan milliy davlati ekanligi" aytiladi.
Hujjatda shuningdek, Quddus Isroilning "yagona va bo‘linmas" poytaxti ekanligi, ivrit tili davlat tili bo‘lib, yahudiylarning Isroilga kelib joylashish huquqlari qonuniy asosda belgilab qo‘yildi. Bundan tashqari, unda "davlat yahudiy aholi maskanlarining rivojlanishiga milliy manfaat sifatida qarashi va buni rag‘batlantirish, olg‘a surish va amalga oshirish uchun choralar ko‘rishi" aytilgan.