O‘zbekiston | 18:02 / 23.07.2018
7779
3 daqiqa o‘qiladi

Yuridik shaxslar o‘z mahsulotlarining tannarxi qanday omillar sabab oshganini ma'lum qilishdi

Foto: UzReport

Joriy yilning II choragida ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiyotdagi yuqori narxlarga moslashishi kuzatildi. Iyun oyiga kelib yuridik shaxslar javoblarining balanslashgan indeksi yil boshiga nisbatan qariyb 2 barobarga pasayib, iyun oyida 388 ga teng bo‘ldi va bu avvalgi oyda narxlar o‘zgarmagan, degan xulosani beradi. Bu haqda Markaziy bankning «O‘zbekiston Respublikasi aholisi va korxonalarining inflyatsion kutilmalari» hisobotida aytiladi.

Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan oxirgi 12 oy davomida narxlarning o‘sishi o‘rtacha 26 foizdan yuqori darajada bo‘ldi deb hisoblaganlar ulushi yanvar oyida 44 foizga teng bo‘lgan bo‘lsa, iyun oyiga kelib ularning ulushi 18 foizga tushdi. O‘z navbatida, narxlarning o‘sishi o‘rtacha 16 foizdan past darajada bo‘ldi, degan qismi yanvar oyida 30 foizni tashkil etgan bo‘lsa, iyun xolatiga 56 foizni qayd etdi.

Bu tadbirkorlik sub'yektlari uchun iqtisodiyotda yillik inflyatsiya darajasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bosqichma bosqich pasayish tendensiyasi shakllanib borayotganligini anglatadi.

So‘rovda yuridik shaxslardan ishlab chiqarayotgan mahsulot va ko‘rsatayotgan xizmatlarini tannarxi oshishiga qaysi omillar yuqori darajada ta'sir ko‘rsatgani so‘ralganda, I chorakda asosan benzin, tabiiy gaz, xom ashyolar narxlari oshishi va o‘tgan yilgi dollar almashuvi kursi o‘zgarishini qayd etgan bo‘lsalar, II chorakda asosan elektr energiyasi, xom ashyolar, tabiiy gaz narxlari va transport xarajatlari oshganini bildirib, almashuv kursi ta'sirining keskin pasayganligini qayd etdilar.

Shuningdek, so‘rovda ishtirok etgan ekspertlarning 73 foizi oxirgi oyda narxlar mo‘'tadil bo‘lganligini bildirishganligiga qaramasdan, ularning 91 foizi yillik sezilgan inflyatsiya darajasi 17 foizdan yuqori bo‘lganligini e'tirof etishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank tomonidan so‘ralganlarning aksariyatida kutilmalar bo‘yicha umidsizlik kayfiyati kuzatilgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid