O‘zbekiston | 12:04 / 24.07.2018
7429
4 daqiqa o‘qiladi

2019 yildan elektron hisobvaraq-fakturalar majburiy bo‘lishi mumkin

Foto: iStock

Vazirlar Mahkamasining «Soliq ma'muriyatchiligida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori loyihasi QHTBT portalida joylashtirildi.
 
Davlat soliq qo‘mitasi (loyihani ishlab chiquvchi) Jizzax va Xorazm viloyatlarida 2018 yilning 1 oktabridan 31 dekabrigacha bo‘lgan davrda tajriba o‘tkazishni taklif qilmoqda. Tajriba mohiyati – barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan elektron hisobvaraq-fakturalarni majburiy tartibda rasmiylashtirishni test rejimida joriy etish. Qizig‘i shundaki, elektron hisobvaraq-fakturalarga hozirgi vaqtda alohida rasmiylashtiriladigan tovar-transport yukxatlari va tovar-moddiy qimmatliklarni olishga ishonchnomalarning funksiyalarini berish taklif etilmoqda, deb yozadi Norma.

Hisobvaraq-faktura - qat'iy hisobot hujjati bo‘lib, tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish aylanmasini tasdiqlaydi. Soliq kodeksining 222-moddasida hisobvaraq-fakturada majburiy tartibda aks ettiriladigan ma'lumotlar ko‘rsatilgan. 
 
Tovar-transport yukxati (TTYu) - transport jarayonining barcha ishtirokchilari uchun yagona, tovar-moddiy qimmatliklarni umumtransport maqsadlaridagi avtomobillarda tashishlarda ularning yo‘ldagi harakatini hisobga olish uchun mo‘ljallangan boshlang‘ich hujjat shakli. TTYuning uchta tasdiqlangan namunaviy shakli mavjud:
 
• shahar ichida va shahar atrofida tashishda;

• shaharlararo yo‘llarda tashishda;
• xalqaro yo‘llarda tashishda (CMR namunaviy shakli).
 
Ishonchnoma – yetkazib beruvchilardan tovar-moddiy qimmatliklarni olish uchun korxona tomonidan ishonchli shaxsga beriladigan yozma shakldagi vakolat. Hujjatning belgilangan shakli ham mavjud.
  
Tajriba davomida yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarni oddiy qog‘oz formatida (shu bilan bir vaqtda elektron shaklda) rasmiylashtirilishiga ruxsat beriladi. Test rejimi ishga tushiriladigan vaqtga DSQ elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, saqlash va hisobga olishning vaqtinchalik tartibini idoraviy hujjat bilan tasdiqlaydi.
 
Kelgusi yil boshidan elektron hisobvaraq-fakturalar barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab majburiy bo‘lishi mumkin. Olingan va realizatsiya qilingan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha kelib tushgan va yozib berilgan hisobvaraq-fakturalar eksport-import operatsiyalari amalga oshirilganda rasmiylashtiriladigan elektron hisobvaraq-fakturalar va elektron BYuDlar (invoyslar) ma'lumot bazalari asosida reyestrga kiritiladi. Ko‘rsatilgan muddatgacha (1.01.2019 y.) QQS ma'muriyatchiligi elektron tizimi joriy qilinadi.
 
Eslatib o‘tamiz, soliq to‘lovchilarni elektron hisobvaraq-fakturalarni yuritishga o‘qitish – yaqinda tashkil etilgan «Soliq-servis» DUKning asosiy vazifalaridan biri. Elektron hisobvaraq-fakturalarni hisobga olish bo‘yicha dasturiy mahsulotlardan foydalanadigan soliq to‘lovchilarni qamrab olish soliq organlari xodimlarining ish samaradorligi mezonlariga (KPI) kiradi.   
 
Elektron hisobvaraq-fakturalarning elektron aylanmasi va saqlanishini ta'minlash xizmatlari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida sertifikatlashdan (akkreditatsiyadan) o‘tgan tashkilotlarga ko‘rsatilishi mumkin.   
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.          

Mavzuga oid