7 kun ichida mingdan ziyod murojaat: E-VISA statistikasi
O‘zbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan xorijiy mamlakatlar fuqarolari soni 23 iyul holatiga ko‘ra, ya'ni tizim ishga tushgan vaqtdan boshlab bir hafta ichida 1000 nafardan oshdi. KUN.UZ muxbiri Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov bergan ma'lumotlarga asoslanib, shu haqida xabar berdi.
Jahonning 37 mamlakatida yashovchi 1012 nafar kishi O‘zbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan, ulardan 711 nafarini - erkaklar, qolgan 301 nafarini esa ayollar tashkil qilmoqda.
E-VISA uchun murojaat qilgan xorijiy fuqarolar orasida eng ko‘pi Xitoy (167 nafar), AQSh (135) va Buyuk Britaniya (115) mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shuningdek Hindiston (86), Fransiya (77), Polsha (58), Ispaniya (47), Italiya (42), Kanada (32), Niderlandiya (32) kabi mamlakatlar fuqarolari ham O‘zbekistonga kirish elektron vizasiga talabgorlar qatoridan o‘rin olgan.
Murojaat qilgan xorij fuqarolarining 556 nafariga E-VISA berilgan, 456 nafarining murojaati tekshiruv jarayonidan o‘tmoqda.
O‘zbekistonda 15 iyul kunidan boshlab xorijlik fuqarolarga respublikada turistik maqsadlarda bo‘lish uchun elektron kirish vizalarini rasmiylashtirish ishlari boshlangan. Elektron viza xorij fuqarosiga 30 kun muddatga O‘zbekiston hududida bo‘lish huquqini beradi va bu viza taqdim etilgan kundan boshlab 90 kun muddat ichida amal qiladi. Berilgan elektron viza xorij fuqarosining e-visa.gov.uz portaliga qilgan murojaatida ko‘rsatilgan elektron manzilga jo‘natiladi.
Elektron vizani rasmiylashtirish uchun murojaat berish O‘zbekiston Respublikasiga kelish sanasidan uch ish kunidan kam bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi. Elektron kirish vizasini olish murojaatini ko‘rib chiqish uchun konsullik yig‘imi hajmi 20 AQSh dollarini tashkil etadi.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
13:58 / 31.10.2024