O‘zbekiston | 10:40 / 24.07.2018
21733
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat xizmatlari markazlari uchun zamonaviy binolar loyihalari tasdiqlandi

Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘limi ma'lumotiga ko‘ra, respublika bo‘ylab joylashgan 201ta Davlat xizmatlari markazlari sansalorlik va korrupsiya oldini olish, xalq og‘irini yengil qilishga xizmat qilmoqda.

Markazlar orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlar turlarining ortishi markazlarga odamlar oqimi ortishiga olib kelmoqda. Jumladan, 2017 yilda markazlarga 1 kunlik aholi oqimi o‘rtacha 20-40 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yil bu ko‘rsatkich 350-600 nafarga yetgan.

O‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, yangi, zamonaviy, innovatsion, tashrif buyuruvchilar uchun barcha qulayliklarni o‘zida mujassam etgan binolarni barpo etish zamon talabidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tuman (shahar)lardagi Xalq qabulxonalari huzuridagi Davlat xizmatlari markazlari (DXM) binolarining davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida qurilishini tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ–3701-son qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, binolarni barpo etishda investorlarga bir qator qulayliklar va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Xususan: 

- investorlarga ma'qullangan namunaviy loyihalarga muvofiq binolarni va tegishli infratuzilmani qurish uchun zarur yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bepul ajratiladi;

- investorlarga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun binolariga tutash qo‘shimcha o‘xshash obektlar qurish uchun yer uchastkalari ajratiladi;

- investor 5 yil muddatga yer solig‘i va mulk solig‘i, yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi to‘lashdan ozod etiladi;

Bundan tashqari, tijorat banklariga binolarni qurish uchun investorlarga 5 yillik imtiyozli davr bilan birga 10 yil muddatga kreditlar berish tavsiya etilgan.

Bu borada ham Agentlik va uning hududiy boshqarmalari mutasaddilari tomonidan olib borilgan ishlar, investorlar bilan uchrashuvlar natijasida dastlab Namangan shahrida, keyinchalik Qo‘qonda barpo etilib, xalqqa xizmat ko‘rsatayotgan binolarning mantiqiy davomi sifatida Andijon, Samarqand, Nukus, Mirzacho‘l, Termiz va Toshkent shaharlarida ham Davlat xizmatlari markazlarining innovatsion binolarini davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etishga kirishildi.

2018 yilning oxiriga qadar xalqqa xizmat ko‘rsatuvchi 50ga yaqin zamonaviy, innovatsion binolar davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid