Jamiyat | 10:30 / 26.07.2018
35892
3 daqiqa o‘qiladi

«Haqqingizni talab qiling». Hokim qarorini bekor qildirgan tadbirkor voqeasi

Huquqshunos Xushnudbek Xudayberdiyev telegramdagi Xushnudbek.uz kanalida Namanganda xususiy tadbirkor va shahar hokimi o‘rtasida kechgan sud ishi haqida hikoya qiladi. Unga ko‘ra, tadbirkor o‘z huquqlari tiklanishi uchun oxirigacha harakat qilib, maqsadiga erishgani keltirilgan.

Kecha qiziq ma'lumot eshitib qoldim. Biroz eskirog‘u, lekin mohiyati eskirmagan.

Xullas, Namangan shahar hokimi 2017 yil 27 mart kuni 345-son qaror chiqaradi. Qarorda Namangan shahridagi restoran, bar, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazuvchi shoxobchalar, umumiy ovqatlanish hamda chakana savdo obektlarining ish vaqti soat 22:00gacha deb belgilanadi. Shundan so‘ng Namangan shahrida tinimsiz «reyd»lar o‘tkaziladi, soat 22:00dan keyin ochiq bo‘lgan joylar majburan yoptiriladi, egalariga esa choralar ko‘rish boshlanadi.

Xavfsizlik niqobi ostida qabul qilingan bu qaror oxiri bir tadbirkorning joniga tegadi. Chunki yakka tartibdagi tadbirkor U.Sh. kunduzi soat 15:00dan tonggi soat 07:00gacha ishlaydigan tamaddixona ochgan edi. Lekin shahar hokimining qarori uning ishiga xalaqit beraveradi, daromadi keskin kamayadi, kreditlarini qaytara olmay qoladi, ishchilari kamayib ketadi.

Kunlarning birida tadbirkor Adliya vaziri o‘rinbosarining sayyor qabuli bo‘layotgan paytda shunday talab qo‘yadi: yoki menga qaysi qonunda soat 22:00dan keyin oshxonamni yopishim kerakligi yozilganini topib berasizlar, yoki mening huquqlarimni himoya qilasizlar!

Albatta, adliya organlari qonuniy asosni topa olishmasdi, shu sababli tadbirkorning manfaatlarini ko‘zlab Namangan shahar hokimini sudga beradi. Aniqrog‘i hokim qarorini «g‘ayriqonuniy» deb topishni so‘rashadi.

Sudga bir necha marta chaqirishlariga qaramasdan, shahar hokimligidan hech kim kelmaydi.

Sud qarab o‘tirarmidi, shartta sirtdan qaror qabul qiladi. Namangan shahar ma'muriy sudining 2017 yil 7 iyuldagi hal qiluv qaroriga binoan, Namangan shahar hokimining 2017 yil 27 martdagi 345-son qarori «g‘ayriqonuniy» deb topiladi. Tadbirkorlar esa yana erkin nafas ola boshlashadi.

Qissadan hissa shuki, hokimning qarori ekan, deb nima bo‘lsa xo‘p deb ketavermang. Haqqingizni talab qiling, sudga bering, shikoyat qiling. Shunda nafaqat o‘zingizning, balki namanganlik tadbirkor U.Sh. kabi ko‘pchilikning joniga oro kirgan bo‘lar edingiz.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid