Jahon | 07:58 / 26.07.2018
6044
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen In harbiylar ovqatlanishini yaxshilashga chaqirdi

Foto: KCNA/via REUTERS

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Koreya xalq armiyasini oziq-ovqat bilan ta'minlovchi korxonalardan biriga tashrif buyurib, korxona ishchilarini “rejani doimo oshig‘i bilan bajarishga va Kim Chen In xalq qurolli kuchlari askarlariga hech qachon hech narsani ayamaganini yoddan chiqarmaslikka” chaqirdi.

Kim Chen Inning korxonaga tashrifi Shimoliy Koreya aprelda raketa-yadroviy dasturidan voz kechib, e'tiborni zamonaviy iqtisodiyotni yaratishga qaratganidan keyin uning turli iqtisodiy obektlarga katta e'tibor qaratishi bilan bog‘liq inspeksiyalari doirasida o‘tgan. 

Shu bilan bir vaqtda Reuters axborot agentligi Kim Chen Inning oziq-ovqat korxonasiga tashrifini o‘tgan yil shimollik askarning Janubiy Koreyaga qochib ketgani bilan bog‘lamoqda. Qochoq harbiy o‘z xatti-harakatini juda oddiy, biroq muhim sabab – harbiy xizmat vaqtida to‘yib ovqat yemasligi va askarlar ratsionida oqsil miqdori yuqori bo‘lgan taomlar yo‘qligi bilan tushuntirgan. Reuters’ning fikricha, Kim Chen Inning oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilarni proteinga boy soyadan ko‘proq mahsulotlar olishga chaqirig‘i qochoq askar aytganlarining bilvosita tan olinishi bo‘lgan.   

Xorijiy manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, Koreya xalq armiyasi miqdoriy tarkibi 1,2 mln kishini tashkil qiladi. Shimoliy koreyalik harbiylar ratsionining asosini guruch, makkajo‘xori, kimchxi (tuzlangan karam va boshqa sabzavotlar) hamda soya pastasi tashkil qiladi. 

Mavzuga oid