O‘zbekiston | 10:14 / 27.07.2018
23300
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev tug‘ilgan kunidagi qutlovlar uchun minnatdorlik bildirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tug‘ilgan kunida uni tabriklagan hamkasblari, turli tashkilotlar rahbarlari va yurtdoshlariga minnatdorlik izhor qildi. Murojaat matni O‘zA tomonidan e'lon qilingan.

“Tavallud topgan kunim munosabati bilan chin dildan qutlab, o‘zlarining samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarimga chuqur minnatdorlik izhor etaman.

Mening sha'nimga bildirilgan bu tabrik va tilaklarni, avvalo, O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, mamlakatimizning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e'tibori va nufuzining yana bir yuksak e'tirofi sifatida qabul qilaman.

Fursatdan foydalanib, mehnatkash, mard va olijanob xalqimizga yana bir bor chin yurakdan o‘zimning cheksiz mehrim va hurmatimni bildiraman.

Jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqi va ko‘p millatli xalqimiz farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish uchun bundan buyon ham bor bilim va salohiyatim, kuch-g‘ayratimni safarbar etaman”, - deyiladi murojaatda.

Mavzuga oid