Airbnb uy-joy ijara servisi - eng qimmat xususiy kompaniyalardan biri hisoblanadi. Unga 2008 yilning avgust oyida Brayan Cheski, Jo Gabbia va Neytan Blecharzik tomonidan asos solingan. Kompaniyaning San-Frantsiskodan tashqari, Barselona, Berlin, Gamburg, Kopengagen, London, Milan, Parij, San-Paulu, Singapur va Sidney kabi shaharlarda shtab-kvartiralari joylashgan. Ayni damda kompaniya 31 milliard dollarga baholanmoqda. Quyidagi maqolada kompaniya asoschilari xususiyatlariga bag‘ishlangan, “Bombora” nashriyoti tomonidan chop etilgan Li Gallaxer kitobidagi bobdan parcha keltiriladi.
1-bob. Topqirlik
“Senga bir narsani aytishim kerak. Bir kuni biz shunday kompaniya yaratamizki, u haqida kitob yozadilar” – Jo Gebbia.

Foto: GoSee
Airbnb’ning paydo bo‘lish tarixi Kremniy vodiysininggina merosiga aylangani yo‘q. 2007 yilning oktabr oyida Dizayn maktabining ikki nafar ishsiz bitiruvchisi San-Frantsiskoda to‘rt xonali xonadonda ijarada yashardi. Ijara uchun pul ishlab topish maqsadida, shahardagi mehmonxonalarda joy yetmagani sabab do‘stlar dastur loyihalovchilarining yirik konferensiyaga kelganlarini uylaridagi shishiriladigan matraslarda tunashga taklif qilishdi.
Muayyan doiralarda bu voqea afsona maqomiga ega bo‘ldi.
Airbnb tarixi aslida bundan ancha yil oldin 2004 yilning yoz faslida San-Frantsiskodan uch ming mil uzoqlikda Providensedagi Rod-Aylend dizayn maktabining o‘quv ustaxonasida boshlangan.
Ikki talaba Brayan Cheski va Jo Gebbia (Gebbia besh yillik tasviriy va sanoat dizayn kursining 4 kursida tahsil olgan, Cheskining esa diplomi bor edi) asosan o‘z fenlari va uy uchun mo‘ljallangan tovarlari bilan mashhur bo‘lgan Conair Corporation kompaniyasining o‘quv loyihasida ishtirok etishgan.
Sanoat dizayni talabalarining imkoniyatlaridan foydalanish maqsadida kompaniyalar ko‘pincha maktab bilan hamkorlikda ishlashgan. Bu safar fakultet talabalar guruhi olti hafta davomida faqatgina Conair kompaniyasi mahsulotlari dizayni bilan shug‘ullanishlari kerak edi. Loyiha yakunida o‘z g‘oyalarini Conair kompaniyasi rahbariyatiga taqdim etishlari kerak edi.


















