Jahon | 20:23 / 01.08.2018
21971
2 daqiqa o‘qiladi

Qodirov jurnalistlarning qotillarini «qo‘llaridan qon izi ketmasdan turib» jazolashga chaqirdi

Foto: Vladimir VeLeNGURIN

Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov Markaziy Afrika Respublikasida halok bo‘lgan jurnalistlarning qotillarini harbiy vaqt qonunlari bo‘yicha jazolashga chaqirdi. U bu haqda o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

«Ular jazolanishlari shart. Va harbiy vaqt qonunlari bo‘yicha jazolanishsa yanada yaxshi bo‘ladi! Ayovsiz! Iloji bo‘lsa ularning qo‘llaridan Jamol, Radchenko va Rastorguyevning qonlari izi ketmasdan turib», — deb yozdi u.

Qodirov shuningdek halok bo‘lganlarning oila a'zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi hamda Rossiya huquqni muhofaza qilish organlari va TIV qotillar jazolanishi uchun barcha ishni amalga oshirishiga umid bildirdi.

Bundan tashqari, Checheniston rahbari ayrim OAV qotillarning qaysi dinga e'tiqod qilishlariga e'tibor qaratayotganligini tanqid qildi.

«Ularni musulmonlar yoki xristianlar emas, balki qanday tashkilotga a'zo bo‘lishidan qat'i nazar jinoyatchilar, banditlar otishdi», — deb fikr bildirdi Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 31 iyul kuni Markaziy Afrika Respublikasida, Sibut shahridan 23 km uzoqlikda rossiyalik jurnalist O‘rxon Jamol, rejissyor Aleksandr Rastorguyev va operator Kirill Radchenko o‘ldirib ketilgani xabar qilingandi.

Ular «Tsentr upravleniya rassledovaniyami» loyihasi bilan hamkorlikda «Vagner» guruhi faoliyatiga oid hujjatli film ishlash uchun Afrikaga yo‘l olishgandi.

Mavzuga oid