O‘zbekiston | 22:18 / 01.08.2018
10319
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda investitsiyaviy faoliyat uchun qator yengilliklar joriy qilindi

Foto: AFP

«O‘zbekiston Respublikasida investitsion muhitni tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni e'lon qilindi.

Farmonga muvofiq, 2018 yil 1 oktabrdan boshlab investitsiyaviy faoliyatni amalga oshirish uchun yer uchastkalarini ajratishning quyidagi yangi mexanizmlari joriy etilmoqda:

- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini 50 yilgacha uzoq muddatli ijaraga berish, lekin investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun arizada ko‘rsatilgan muddatdan kam bo‘lmagan muddatda;

- ko‘chmas mulk obektlarini (mehmonxonalar, savdo obektlari, madaniy-ko‘ngilochar komplekslar, maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari, ta'lim muassasalarini qurish, tibbiy tashkilotlar, yo‘l infrastrukturasi va b.) qurish uchun yer uchastkalariga doimiy egalik qilish huquqini auksion orqali sotish.

Quyidagilarga:
- tuman (shahar) hokimlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkasini chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarga 50 yilgacha bo‘lgan muddatda uzoq muddatli ijaraga, lekin investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun arizada ko‘rsatilgan muddatdan kam bo‘lmagan muddatda berish;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga, qonun hujjatlarida belgilangan vakolatlari doirasida va tartibda, chet el investitsiyalari ulushi ekvivalenti 10 mln AQSh dollaridan oshmaydigan investitsion loyihalarni amalga oshirish doirasida chet el investorlari bilan investitsion shartnomalarni tuzish;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida foydalanilmayotgan (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 iyundagi PQ–3067-son “Davlat mulki obektlarini sotish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 1 va 2-ilovalarida keltirilgan obektlar bundan mustasno), umumiy maydoni 2000 kv.m. dan ortiq lekin 5000 kv.m. dan ko‘p bo‘lmagan, davlat mulki obektlarini sotish haqida qaror qabul qilish huquqi berildi.

Bundan tashqari farmon bilan Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondida chet el investitsiyalarining minimal miqdorini 30 foizdan 15 foizgacha tushirish;

chet el investitsiyasi ishtirokidagi korxona ishtirokchilaridan biri albatta xorijiy yuridik shaxs bo‘lishi shartligi haqidagi talabni bekor qilish;

chet el nvestitsiyasi ishtirokidagi korxonalar ustav fondining minimal miqdorini 600 million so‘mdan 400 million so‘mgacha tushirish;

chet el investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji miqdorini uch baravargacha tushirish;

aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalida chet ellik investor ulushining mavjud bo‘lish shartini bekor qilish;

aksiyadorlik jamiyatlari ustav fondining minimal miqdorini 
400 million so‘m qilib belgilash haqidagi takliflari ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining raisi S.R. Xolmurodovga:

chet el investitsiyalarini jalb qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha vakolatli organlar harakatlarini, ularning vakolat doirasidan kelib chiqib, muvofiqlashtirilishini ta'minlash;

vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilarining davlat investitsion siyosatini amalga oshirishning ahvolini mazkur sohada asosiy vazifalarning bajarilishi haqida har oylik hisobotlarini eshitishni, shu jumladan informatsion-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini qo‘llagan holda, o‘tkazish;

xorijiy investorlarni mamlakatimizning iqtisodiy salohiyati, biznes yuritish uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida keng xabardor qilish maqsadida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, yirik investitsion forumlarni tashkillashtirish orqali chet el investitsiyalarini jalb qilishni kengaytirish vazifalari topshirildi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining kompleks rahbarlari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga – investitsion muhitni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan qarorlarning samarali amalga oshirilishi, xorijiy investorlariga kerakli yordam ko‘rsatilishi, investitsion buyurtmalarning tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishi, investitsion buyurtmalar bo‘yicha kelishish jarayoning o‘tkazilishi, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va investitsion faoliyat sohasidagi muammoli masalalarning hal qilinishi yuzasidan;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – xorijiy investorlarga kerakli yordamning ko‘rsatilishi, investorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotni o‘rnatish orqali investitsion buyurtmalarning tezkor ko‘rib chiqilishi, doimiy tarzda investorlarni shaxsan qabul qilish, tegishli infrastruktura bilan ta'minlanishi, yer uchastkalari ajratilishi, ruxsat beruvchi hujjatlarni berishi, investitsion buyurtmalar bo‘yicha kelishuv jarayonlarini vaqtida amalga oshirilishi, investitsion loyihalarni amalga oshirishni tizimli tahlili yuzasidan;

O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbari zimmasiga – bekor yotgan yoki qurilishi tugallanmagan obektlar, samarasiz foydalanilayotgan ishlab chiqarish binolari hamda yer maydonlari ularda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ishtirokidagi investitsion loyihalarni joylashtirish uchun sinchiklab, puxta xatlovdan o‘tkazilishi yuzasidan;

«O‘zbekenergo» AJ raisi, «O‘ztransgaz» AJ raisi, O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – investorlarning ishlab chiqarish obektlarining qurilishi va ularning tashqi infratuzilmaga ulanishi, investorlarning elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv bilan, shuningdek, ularning ishlab chiqarish ehtiyojlariga muvofiq tashqi kanalizatsiya tarmoqlari bilan uzluksiz ta'minlanishi yuzasidan 

O‘zbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi raisi zimmasiga – investorlarga respublika hududlarida investitsion loyihalarni amalga oshirishda ko‘mak berish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Mavzuga oid