Jahon | 22:17 / 02.08.2018
3530
2 daqiqa o‘qiladi

Nikaraguada namoyishlar chog‘ida 317 kishi halok bo‘ldi

Foto: AFP 2018 / Inti Ocon

Nikaraguada aprel oyidan buyon davom etib kelayotgan namoyishlarda halok bo‘lganlar soni 317 kishiga yetdi, deb xabar berdi Amerika davlatlari tashkiloti huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha Amerikalararo komissiyasi.

"Nikaraguadagi vaziyatni kuzatib borish mexanizmi ma'lumotlariga ko‘ra mamlakatda ish olib borilgan besh hafta yakunlariga ko‘ra, 30 iyul holatiga 18 apreldan buyon halok bo‘lganlar soni 317 kishiga yetdi", — deyiladi komissiya dokladida.

Halok bo‘lganlarning 21 nafari politsiya xodimlaridir. Inqiroz davrida o‘ldirilgan bolalar va o‘smirlar soni 23 nafarni tashkil etdi.

Nikaraguada apreldan buyon hukumatga qarshi namoyishlar davom etmoqda. Noroziliklarga ijtimoiy ta'minot borasidagi islohot tufayli soliq to‘lovchilar gardaniga katta yuk tushgani sabab bo‘lgan. Qo‘shimcha yig‘imlar qarori mamlakatdagi moliyaviy inqiroz fonida qabul qilingandi.Muxolifat muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda. Ortega bu talabni rad etib, sodir bo‘layotgan voqealarni mamlakatga qarshi fitna deb atamoqda. 

U bu voqealarda AQShning qo‘li borligini va Qo‘shma Shtatlar mamlakatdagi zo‘ravonliklarni moliyalashtirayotganligi borasida yetarlicha dalillarga ega ekanligini bildirdi.

"Biz Nikaraguaga bir necha bor qurol bilan bostirib kirgan qudratli dushman AQSh bilan to‘qnash keldik va ular Nikaraguaning ishlariga aralashishda davom etishmoqda. Nikaragua ana shunday moliyalashtirish bo‘yicha dalillarga ega. Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va Amerikaning boshqa tashkilotlari AQShdagi hisoblari orqali Nikaraguada demokratiya o‘rnatish uchun millionlar ajratishganini e'lon qilishadi", — dedi Ortega Euronews kanaliga bergan intervyusida.

Mavzuga oid