Jamiyat | 18:00 / 02.08.2018
16634
2 daqiqa o‘qiladi

Rostovdagi 3 kun oldingi avtohalokatda o‘zbekistonlik muhojir ayollar halok bo‘lgan, FVV va TIV hozircha bu borada ma'lumot bermadi

Foto: TASS

30 iyul kuni Rossiyaning Rostov viloyatida ro‘y bergan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida O‘zbekistonning ikki fuqarosi halok bo‘lgan.

YTH «Rostov-Volgodonsk» trassasining 11-kilometrida ro‘y bergan, «KamAZ» yuk mashinasi ishchilarni olib ketayotgan «Volkswagen Transporter» mikroavtobusi bilan to‘qnashgan.

IIV boshqarmasi ma'lumotiga ko‘ra, yuk mashinasi haydovchisi mast holatda bo‘lgan va masofa saqlay olmagan. Qolaversa, «KamAZ» nosoz holatda bo‘lgan, ayni vaqtda uning haydovchi hodisa aybdori sifatida qo‘lga olingan, prokuratura unga nisbatan jinoiy ish ochgan.

TASS agentligi xabariga ko‘ra, hodisa oqibatida jami 6 kishi halok bo‘lgan, yana 2 kishi jarohatlangan holda shifoxonada qolmoqda, halok bo‘lganlarning ikki nafari O‘zbekiston Respublikasi, Andijon viloyatining Baliqchi va Shahrixon tumanlaridan bo‘lgan. Qurbonlar orasida Tojikiston fuqarolari ham borligi aytilmoqda.

«Kun.uz» manbasi aniqlik kiritishicha, ularning biri Baliqchi tumani, Qumtepa MFYda yashagan, 1985 yilda tug‘ilgan Shahnoza Turopova edi. Marhumlarning jasadlari O‘zbekistonga yuborilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, jabrlangan holda shifoxonaga yotqizilganlar ham O‘zbekiston fuqarolari bo‘lishi mumkin.

Bugun, 2 avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda bu hodisa borasida na Favqulodda vaziyatlar vazirligi, na Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasmiy ma'lumot berilmagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid