Ortda qolayotgan haftaning Özbekiston hayotiga oid ayrim mavzulari – Kun.uz dayjestida.

Özbekiston aholisi 39 milliondan oşgan

Milliy statistika qömitasi mustaqillik yillarida ilk marta ötkazilgan aholini röyxatga olişning dastlabki natijalarini e’lon qildi. Ma’lum bölişiça, Özbekiston aholisi soni 2026 yil boşidayoq 39 milliondan oşib bölgan ekan. Yanvar-fevral oylarida ötkazilgan umummilliy tadqiqotda 39 047 321 kişi röyxatga olingan bölib, bu raqam 2026 yil 1 yanvar holatidagi rasmiy hisob-kitobdan 810 ming kişiga farq qiladi.

Boşqaça aytganda, biz özbekistonliklar özimiz öylaganimizdan köra 800 ming kişiga, ya’ni aslida 2 foizga köproq ekanmiz. Hududlar kesimida qarasak, bu tafovut asosan Toşkent viloyati bilan boğliq: bu viloyat aholisi rasmiy statistikaga qaraganda 600 ming nafarga yoki 19 foizga köproq bölib çiqdi. Şu bilan birga, 5 ta hududda aholi soni avval hisoblab kelinganidan biroz kamroqligi ham oydinlaşdi.

Rasmiy izohga köra, joriy statistika va röyxatga oliş natijasi özaro farq qilişi – tabiiy holat. Çunki joriy hisob-kitoblar odatda tuğiliş, ölim va migratsiya böyiça ma’muriy ma’lumotlar asosida yuritiladi; röyxatga olişda esa töğridan töğri aholining özidan ma’lumot yiğilgan. Qolaversa, onlayn röyxatga oliş va OneID tizimidan foydalaniş ham qamrovni kengaytirgan.

Statqömning ma’lum qilişiça, xalqaro tajribada ham aholini röyxatga oliş va joriy hisoblar örtasida farq bölişiga tabiiy deb qaraladi. Masalan, Kanadada bu farq 3,2 foiz, Qozoğistonda 1,6 foiz bölgan. Özbekistonda esa 2,1 foizlik tafovut kuzatildi.

Röyxatga olişda yana köplab ma’lumotlarga aniqlik kiritildi. Masalan, aholining etnik tarkibi. Ma’lum bölişiça, Özbekiston aholisining 89,4 foizini özbeklar taşkil etadi. 3,3 foiz aholi tojik, 2,2 foizi qoraqalpoq, 1,8 foizi qozoq, 1,6 foizi esa rus millatiga mansub. Ayni paytda, özbek tilini ona tili deb hisoblovçilar soni etnik özbeklardan köra köproq – aholimizning 91,3 foizi özbek tilini ona tili deb bilişini ma’lum qilgan.

Benzin qimmatlamoqda

Rossiyadagi yoqilği inqirozi fonida, Özbekistonda ham benzin narxi rekord darajada qimmatlaşdi. Bir-biridan mustaqil uçta manbadagi ma’lumotlar ayni bir xil raqamni körsatyapti: benzin narxi iyun oyida taxminan 11 foizga oşgan.

Birinçi manba – Özbekistondagi eng yirik AYoQŞlar tarmoği bölmiş Carvon'dagi narxlar: bu tarmoq şoxobçalarida iyun oyida AI-92 markali import benzin narxi 11 700 sömdan 13 000 sömga, ya’ni 11,1 foizga oşgan. Ikkinçi manba – AYoQŞlarning töliq naqdsiz şaklga ötkazilgan tuşumlari haqidagi Markaziy bank hisobotlari. May va iyun oyidagi hisobotlarni taqqoslaganda, iyun oyida AYoQŞlarning kunlik örtaça tuşumlari 11,3 foizga oşganini köriş mumkin. Uçinçi manba – birja ma’lumotlari. Unga köra, iyun oyida AI-92 markali benzinning ulgurji narxi 11,2 foizga kötarilgan.

Yillik nisbatda oladigan bölsak, Carvon şoxobçalarida import AI-92 benzini oxirgi 12 oyda 21 foizga qimmatlaşdi. Bu – rasmiy inflatsiyadan 3 karra yuqori körsatkiç.

Sabablarga kelsak, aslida Rossiyadagi taqçillik bahona bölolmasligi kerak. Davlatga qaraşli yuzdan ortiq neft konlari noşaffof tarzda xususiy qöllarga berib yuborilganidan tortib, benzin işlab çiqarişdagi pasayişgaça bölgan köplab omillarni sanab ötiş mumkin. Rasmiy statistikaga köra, joriy yilning dastlabki beş oyida 502 ming tonna avtomobil benzini işlab çiqarilgan bölib, bu – ötgan yilga nisbatan atigi 2 foizga oşgan. 2023 va 2024 yillar bilan taqqoslaganda esa, benzin işlab çiqariş 9–12 foizga kamayib ketgan.

Oxirgi oylarda Yaqin Şarqdagi uruş töxtagaç, jahon bozorida neft narxi sezilarli pasaydi, lekin özbekistonlik iste’molçilar asosan Rossiyaga boğlanib qolgani uçun buning aksiga guvoh bölyapti. Bojxona qömitasiga köra, benzin importi oxirgi bir yilda 85 foizga oşgan. Umuman, turli statistik raqamlarni özaro taqqoslaganda, Özbekiston benzinga bölgan ehtiyojining teng yarmini import hisobidan qoplayotgani oydinlaşadi. Eslatib ötamiz, 2023 yilda Saneg kompaniyasining öşa vaqtdagi rejalariga asoslanib, mamlakatimiz 2-3 yilda neft böyiça töliq mustaqillikka erişişi aytilgan edi.

Qonli avtohalokatlar

Fevral oyida Toşkentda BMW avtomobilini boşqarib, YPX inspektorini urib yuborgan va uning ölimiga sababçi bölgan maktab öquvçisi ustidan sud jarayoni boşlandi. Kun.uz manbasiga köra, sudlanuvçi voyaga yetmagan şaxs bölgani uçun iş yopiq tarzda körib çiqilyapti. Ma’lum bölişiça, Doniyor Turğunov öşandan buyon hamon hibsda – unga nisbatan qamoq ehtiyot çorasi saqlanib qolgan. Şu bilan birga, dastlab ilgari surilgan “avtomobilni olib qoçiş” gumoni yakuniy ayblov xulosasiga kiritilmagan.

Ölim bilan tugayotgan şu va boşqa köplab avariyalarga qaramay, hali ham juda köp ota-onalar ösmir farzandining bamaylixotir maşina haydab yurişiga qöyib beryapti. Şunday hodisalardan navbatdagisi 30 iyun kuni poytaxtning Amir Temur şohköçasida röy berdi: Boğişamol köçasiga burilişda Kia K5 bilan töqnaşgan Gentra ikkiga bölinib ketdi, oqibatda bir kişi halok böldi. E’tiborlisi, bu holatda K5 avtomobilini maktab öquvçilari boşqargani, ular boşqa bir qimmatbaho maşina – Zeekr 9X bilan poyga öynab kelayotgan bölgani aytilmoqda.

Odamlar ölimi bilan boğliq yana bir ayançli hodisa Andijon şahrida röy berdi. Ikki nevarasi bilan piyodalar ötiş joyidan ayolni katta tezlikda kelgan Malibu urib yuborişi oqibatida, ayol va uning bir nevarasi voqea joyidayoq hayotdan köz yumgan, ikkinçi bola şifoxonada oğir operatsiyani boşdan keçirgan. Kun.uz suhbatlaşgan qurbonlarning yaqinlariga köra, odamlar ölimiga sababçi bölgan Malibu haydovçisi voqeadan avvalroq şahar köçalari böylab BMW'dagi tanişi bilan poyga öynab kelayotgan bölgan (bu BMW'ni fojia aks etgan kadrlarda ham köriş mumkin). Hozirda Malibu haydovçisi qamoqqa olingan va hodisa joyi yaqinida piyodalar uçun svetofor örnatilgan. Lekin şugina elementar matoh şu paytgaça örnatilişi uçun ikkita odam ölişi şartmidi, degan savol doimgidek oçiq qolgan.

Hafta davomida yöllardagi xavfsizlik uçun birinçi raqamli mas’ul şaxs almaşdi. IIV Yöl harakati xavfsizligi xizmatini roppa-rosa ikki yil boşqargan polkovnik Şerzod Ibragimov yuqoriroq lavozimga kötarildi; endi u – Milliy gvardiya qömondonining birinçi örinbosari. Şu paytgaça Ibragimovning örinbosari bölib işlab kelgan Murodbek Şerliyev “respublika GAI”ning yangi boşliği etib tayinlandi. Biz soha rahbarining almaşişi bilan yöl harakati xavfsizligi sohasida tub islohot bölişini umid qilgan bölardik, lekin kadrlar rokirovkasi aynan şu maqsadda qilinganidan darak beruvçi biror bir rasmiy işora bölganiça yöq...

Mundialdagi iştirokka rasmiy baho

Foto: Özbekiston futbol assotsiatsiyasi

Özbekiston milliy jamoasi FIFA mundialidagi ilk iştirokini yakunlab, Toşkentga qaytib keldi. Jamoaning iştirokiga har kim öziça baho berişga haqli, bizning vazifamiz esa davlatning bahosi qanaqa bölganini qayd etib qöyişdan iborat. Tarmoqda tarqalgan miş-mişlar öz isbotini topmay, jamoa a’zolariga qimmatbaho avtomobillar sovğa qilinmagan bölsa-da, har holda rasmiylar jamoani töliq qöllab-quvvatlaşlarini bildirişdi. Xususan, boş vazir Abdulla Aripov aeroportdagi kutib oliş marosimida futbolçilar “jasorat bilan kuraşgani”ni aytdi, ayrim tanqidçilarni esa oçiqçasiga “omadsizlar” va “divan ekspertlari” deb atadi.

“Hurmatli futbolçilar, sizlarning maşhurligingiz orqali salbiy fikrlar bildirib öziga soxta obro‘ olmoqçi bölgan, layk olmoqçi bölgan, har xil omadsiz sportçilar, mutaxassis va divan ekspertlari köp böladi. Ularni ham keçirib yuboringlar”, – dedi hukumat rahbari.

Bir kun oldin davlat rahbari ham Jahon çempionatidagi natijaga öz munosabatini bildirgan edi. Şavkat Mirziyoyev milliy jamoamiz kuçli raqiblarga qarşi öynagani, Fayzullayev va Şomurodovning gollari xalqimizga xursandçilik bağişlaganini aytarkan, jamoatçilikni “ortiqça his-tuyğu bilan e’tiroz” bildirmaslikka çaqirdi.

“Milliy terma jamoamizning jahon çempionatidagi iştiroki töğrisida turli fikrlar bildirilmoqda. Lekin vatanimiz şarafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqça his-tuyğu bilan e’tiroz bildiriş, ulardan ayb qidiriş xalqimizga xos iş emas. Aksinça, bugun ularni qöllab-quvvatlaş, ruhini kötariş har qaçongidan ham muhim”, – dedi prezident.

FIFA nuqtayi nazariga köra, Özbekistonning debyut iştirokidagi eng yorqin lahza – Eldorning Kongo DR darvozasiga kiritgan goli bölgan. FIFA saytida ötkazilgan onlayn ovoz beriş natijalariga köra, paraşyut uslubidagi bu gol – çempionatning guruh bosqiçidagi eng çiroyli gol deb tan olindi. Şomurodovning bu mukammal ijrosi muxlislar ovozini töplaşda Lionel Messi, Kilian Mbappe va Vinisius Junior kabi yulduzlarning gollarini ortda qoldi.

Darvoqe, Toşkentga qaytgan delegatsiya orasida boş murabbiy Fabio Kannavaro yöq edi. U avvalroq jurnalistlarga bergan intervyusida AQŞdan töğri Italiyaga uçib ketişini aytgan va yigitlar bilan endi sentabrda körişişini bildirgandi. Vaholanki, jurnalistlar va umuman futbol jamoatçiligi u musobaqadan qaytib matbuot anjumani ötkazişi va yöl qöyilgan xatolar böyiça savollarga javob berişini kutayotgandi. Qolaversa, Özbekiston futbol assotsiatsiyasi ham Kannavaroni çempionat davomida qabul qilgan qarorlari va çiqargan xulosalari yuzasidan yuzma-yuz hisobdorlikka çorlamagani eng kamida ğalati körinmoqda.

Eslatib ötamiz, milliy jamoani oldinda 7 yanvar kuni Saudiya maydonlarida boşlanadigan Osiyo kubogi kutmoqda. Özbekiston – Bahrayn, Şimoliy Koreya va Iordaniya bilan birga, ança oson guruhdan joy olgan.

Bu hafta yana nimalar röy berdi?

Özbekiston prezidenti 23 yilda ilk marta Gurjistonga taşrif buyurdi. Taşrif davomida Özbekiston va Gurjiston yetakçilari ikki davlat örtasida strategik şeriklik munosabatlarini örnatiş töğrisidagi deklaratsiyani imzoladi. Mamlakatimiz Tbilisida öz elçixonasini oçadigan böldi. Tomonlar özaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkaziş hamda özbek yuklari uçun Poti va Batumi portlari salohiyatidan foydalanişga kelişib oldi. Şuningdek, Şavkat Mirziyoyev Gurjistonning oliy davlat mukofoti – “Oltin möyna” ordeni bilan taqdirlandi; Tbilisida Alişer Navoiy haykali oçilib, şahardagi markaziy köçalardan biriga allomaning nomi berildi.

Özbekistonga pul ötkazmalarida Rossiyaning uluşi qisqarişda davom etmoqda. Markaziy bank ma’lumotiga köra, 2025 yilning I çoragida Özbekistonga yuborilgan har 100 dollarning 78 dollari Rossiyadan kelgan bölsa, joriy yil I çorakda bu körsatkiç 72 foizgaça tuşgan. Umumiy ötkazmalarning ösişi ham davom etmoqda: yanvar-mart oylarida Özbekistonga pul ötkazmalari 13 foizga oşib, 3,8 mlrd dollarga yetgan. Bu mablağning 4,1 foizi Qozoğiston, yana 4,1 foizi Janubiy Koreya, 3,3 foizi Yevropa davlatlariga töğri keladi. Qayd etilişiça, yilning dastlabki uç oyida Rossiyada patent asosida işlagan özbekistonliklar soni biroz kamayib, 1 mln 340 ming nafarni taşkil etgan.

Toşkent viloyatida issiqxonalarni demontaj qiliş va ularni gazdan uziş işlari boşlandi. Bu – poytaxt havosini yaxşilaş böyiça avvalroq qabul qilingan qaror ijrosi bilan boğliq. Jarayonga Ekologiya qömitasi raisi Aziz Abduhakimov boş-qoş bölib turibdi. Suratlardan birida u qöliga “bolgarka” olib, isitiş tarmoğini kesayotganini köriş mumkin. Eslatib ötamiz, yuqorida aytganimiz qarorga asosan, issiqxonalar Surxondaryodagi maxsus erkin iqtisodiy zonaga köçirilişi kerak. Bunda tadbirkorlarning köçiş xarajatlari qoplab beriladi, kreditlari uzaytiriladi. Köçişga rozi bölmagan issiqxonaçilar gazdan uzilib, suv soliğini 5 barobar, kömir yo mazut yoqqan taqdirda esa jarimani 20 barobar stavkada tölaşiga töğri keladi.

Samarqandda yangi temiryöl ötkazilgan damba öpirilib tuşdi. Kun.uz'ga kelib tuşgan videoga qaraganda, Zarafşon daryosi suvi temiryöl ötkazilgan dambani yuvib ketgan, natijada relslar tayançsiz qolgan. Hodisa Toyloq tumani Döstlik mahallasi hududida röy bergan. E’tiborlisi, temiryölning bu yangi uçastkasi bor-yöği 7 oy oldin foydalanişga topşirilgan edi. “Özbekiston temiryöllari” kompaniyasi loyiha taqdimotida aynan Zarafşon daryosi qirğoğidan ötgan temiryöl izlarini suv oqimidan himoyalaş uçun damba qurilganiga alohida urğu qaratgan. Kompaniya izohiga köra, öpirilişga daryoda suv oqimi keskin kuçaygani sabab bölgan.