Sobiq ittifoq davlatlari orasida eng «kuchsiz» pasportlardan biri O‘zbekiston fuqarolariniki - Deutsche Welle
Yoz fasli — ta'tillar davridir. Deutsche Welle sobiq SSSR respublikalari fuqarolik pasportlarini solishtirib, boshqa mamlakatlarga vizasiz kirish uchun ulardan qay biri eng afzal ekanligini aniqladi.
Rossiya fuqarolari uchun viza talab qilinmaydigan davlatlar ichida ular borib, dam olishni sevadigan Turkiya va Isroil kabi davlatlar bor. 2017 yilning fevralidan rossiyaliklar uchun amalda vizasiz davlatlar ro‘yxati Birlashgan Arab Amirliklari bilan to‘ldi. Endi Rossiya fuqarolari Fors ko‘rfazi sohillarga dam olish uchun yo‘l olib, samolyotdan tushishi bilan mamlakatga kirishni tekin rasmiylashtirishlari mumkin.
Lekin Yevropa qit'asi davlatlari orasidan rossiyaliklar uchun tanlov u qadar katta emas: Agar qo‘shni Ukraina va Belarus hisobga olinmasa, ular vizasiz faqat Albaniya, Bosniya va Hertsegovina, Makedoniya, Moldaviya, Chernogoriya va Serbiyaga borishlari mumkin, xolos.
Rossiya pasporti sohiblariga Yevropa bo‘ylab tekinga sayr qilish borasida ayrim sobiq ittifoq davlatlariga nisbatan omad kamroq kulib boqqan, masalan Ukraina fuqarolari vizasiz 128 ta davlatga borishlari mumkin. Ukrainaliklar uchun bu ro‘yxat o‘tgan yilning iyunida YeI bilan vizasiz rejim joriy etilganidan so‘ng keskin kengaydi. Endi biometrik pasportga ega ukrainaliklar Yevropa ittifoqining 28ta davlatidan 26tasiga vizasiz borishlari mumkin. Faqatgina Buyuk Britaniya va Irlandiyaga kirish uchun viza rasmiylashtiriladi.
Moldovaning vizasiz davlatlar ro‘yxati Ukrainanikidan picha kaltaroq — mazkur davlatda 2014 yilning aprelida MDHga a'zo davlatlar ichida eng birinchi bo‘lib Yevropa ittifoqi bilan vizasiz rejim ishlay boshlagan. Ayni paytda moldovaliklar 121 ta davlatga vizasiz kira olishadi. 2017 yilning martidan boshlab YeIga vizasiz kirish «baxti»ga muyassar bo‘lgan Gurjiston Rossiyadan birozgina ortda bormoqda. Uning vizasiz davlatlar ro‘yxati 112 ta mamlakatni qamrab oladi.
Sobiq ittifoq hududida jahon bo‘ylab sayohat qilish uchun eng afzal pasport egalari Latviya va Litva fuqarolaridir, ularning har ikkisida umrguzaronlik qiluvchilar 179 davlatga vizasiz kira oladilar. Estoniyaning ko‘rsatkichi faqat bitta davlatga kamroq: uning fuqarolari 178ta davlatga ortiqcha tashvishlarsiz bora olishadi.
Boltiqbo‘yi davlatlarining uchalasi ham a'zo bo‘lgan Yevropa Ittifoqidan tashqari Latviya, Litva va Estoniya fuqarolari masalan Shveytsariya, Norvegiya, Yaponiya va Kanadaga ham vizasiz bora olishadi. AQShga kirish ular uchun faqat elektron ruxsatnoma rasmiylashtirish orqali amalga oshiriladi. Rossiyaga kirish uchun litvalik, latviyalik va estonlar uchun viza rasmiylashtirish kerak bo‘ladi.
Ittifoqdosh sobiq 15 respublikalardan eng «kuchsiz» pasportlar O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston fuqarolariga tegishli. Ulardan jahonning ko‘plab davlatlariga borishlari uchun viza rasmiylashtirish talab etiladi. Vizasiz rejim mos ravishda 59, 58 va 53 davlat bilan amal qiladi, xolos.
Belarus sobiq ittifoq hududida eng yaxshi va eng yomon pasportlar ro‘yxatining qoq o‘rtasidan joy olgan. Bu davlat fuqarolari 77 davlatga vizasiz kirishlari mumkin. Darvoqe, Belarus sobiq ittifoq davlatlari ichida fuqarolari Xitoyga vizasiz kira olishlari mumkin bo‘lgan yagona davlat hisoblanadi.
Mavzuga oid
14:58 / 03.11.2024
G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari: Britaniyaga qochgan sovet mayori
14:21 / 20.10.2024
AQShga qochgan diplomat: okean ortidan siyosiy boshpana so‘ragan sovet amaldori
16:15 / 17.10.2024
Bir jinoyat tarixi: qotillik qurboni bo‘lgan 72 yoshli aktrisa
15:11 / 13.10.2024