Jamiyat | 17:26 / 03.08.2018
7265
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada qizlarga gap otganlik uchun 750 yevro jarima joriy qilindi

Fransiya parlamanenti ayollarga nisbatan jinsiy tegajog‘liq va odobsizlik uchun jarima joriy qilish bo‘yicha qonunni qabul qildi. Bu haqda «NBC news» yozmoqda.

Yangi qonunga ko‘ra, ayollarga nisbatan odobsizlik qilgan erkaklar 90 yevrodan 750 yevrogacha (108-876 dollar) jarima to‘laydi.

Jinsiy tenglik masalalari bo‘yicha davlat kotibi Marlen Shyappa xonimning aytishicha, hukumat ayollarga nisbatan bunday zo‘ravonliklarning oldini olish uchun jiddiy harakat qilishi kerak. Uning aytishicha, qonun yaqinda bo‘lib o‘tgan bir voqeadan keyin qabul qilingan.

29 iyul kuni parijlik erkak 22 yoshli qizga gap otadi va unga qarab hushtak chaladi. Qiz esa erkakdan bu qilig‘ini bas qilishini so‘raganida, erkak qizni uradi. Shu sabab gender tengligi masalalari bo‘yicha faollar bu borada muayyan taqiq zarurligini ta'kidlab, tezda yangi qonun loyihasini ishlab chiqishdi.

Shuningdek, yangi qonunda yana bir jiddiy taqiq kiritilgan. G‘arbda, xususan Yevropada «upskirting» deb nomlangan fleshmob virus kabi tarqalgan. Ya'ni, bunday bemazagarchiliklarning «shaydolari» bo‘lgan axloqsizlar ayollarni uyatli holatlarda yashirincha holatda suratga tushirishadi. Keyin esa bu suratlarni internetga joylashadi. Frantsuz qonunchiligi endilikda bunday betamiz fuqarolarni 15 ming yevrogacha jarima yoki bir yillik qamoq bilan jazolaydi.

Ta'kidlash joiz, bunday qonun oldinroq Portugaliya (2015 yil), Finlyandiya (2014 yil) va Belgiya (2016 yil) kabi davlatlarda ham qabul qilingan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid