Jamiyat | 10:46 / 04.08.2018
4620
2 daqiqa o‘qiladi

Har bir mahallada madaniyat uylarini ochish taklif qilindi 

Foto: UzA

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida har bir mahallada madaniyat uylari va yoshlar uylari ochish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

“Milliy savodxonlikni oshirish, aholini ish bilan ta'minlash va ma'naviyatini yuksaltirish maqsadida kattalar uchun madaniyat uylarini hamda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun esa yoshlar uylarini ochishni taklif etamiz”, - deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, bu uylar 3 bo‘limdan iborat bo‘lishi kerak: kutubxona, to‘garak va darslar uchun sinf xonalari va tadbirlar uchun zal. Bu uylarning asosiy ajralib turadigan tarafi har bir mahallada ochilishi va yoshu qariga qulay bo‘lishidir.

Hozirgi kundagi mahallalardagi muammolarimiz bu kutubxonalarning kamligi va uzoqligi, to‘garaklarning pullik ekanligi, o‘quvchilar uchun birgalikda yoki adabiyotlardan foydalanib dars tayyorlaydigan joylarning yo‘qligi, teatr va kinoteatrlarning kamligi va qimmatligi, yoshlar va ayollar uchun turli amaliy seminarlarning yo‘qligidir. Bu uylar mazkur muammolarning yechimi bo‘ladi, deyiladi petitsiyada.

Ta'kidlanishicha, madaniyat uylaridagi kutubxonalar ijaraga kitob beradi, yoshi kattalar, universitet va kollej o‘quvchilari uchun to‘garaklarda til, san'at va kasb-hunar kurslari bo‘lishi kerak. Yoshlar uylarida esa kutubxona va to‘garaklar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga moslashtiriladi. Madaniyat uylari milliy ma'naviyatimizni yuksaltirishga, yoshlarimiz orasida savodxonlikni oshirishga va aholini kasb-hunar bilan ta'minlashga yordam beradi. 

“Mahallalarda madaniyat va yoshlar uylarining qurilishidan asosiy maqsad kutubxonalar, to‘garak va san'atni butun respublikadagi yosh-u qariga yanada yaqinlashtirishdir. Shu sababdan, mazkur uylarni qurishni va unda yoshlarga kutubxonalar, to‘garaklar, amaliy seminarlar va ijtimoiy loyihalar tashkil etishni taklif etamiz”, - deya yakunlanadi murojaat matni.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid