Markaziy davlat arxiviga “milliy” maqom va yangi bino berish taklif etildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida jahon madaniy merosini saqlovchi Markaziy davlat arxiviga “milliy” maqom va yangi bino berish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining bir qator qarorlari asosida vatanimiz tarixini yorituvchi yurtimizdan tashqarida saqlanayotgan hujjatlarni qaytarish va ularni saqloviga e'tibor kuchaytirilayotgan bir vaqtda, o‘zimizda saqlanayotgan noyob arxiv manbalar ayanchli sharoitlarda saqlanmoqda. Ma'lumki, 2018 yil 22 mayda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi YuNeSKOning “Jahon xotirasi” dasturiga kiritilgan “Xiva xonlari devonxonasi arxiv hujjatlari”ni saqlovchi muassasa sifatida maxsus xalqaro sertifikat bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu esa o‘z navbatida, arxivning jahon hamjamiyati oldida yana bir bor mavqeini oshishi va arxiv hujjatlaridan foydalanuvchi xorijiy tadqiqotchilar sonining ortishiga turtki bo‘ladi.
Navbatdagi vazifa arxivga “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxivi” maqomini berish, uning moddiy texnik bazasini mustahkamlash bo‘lib, ular quyidagilar bilan asoslanadi:
1. Agar biz rivojlangan davlatlar (AQSh, Germaniya, Angliya, Fransiya, Yaponiya va Koreya) tajribasiga suyanadigan bo‘lsak, ulardagi yetakchi arxivlar “milliy” maqomga ega bo‘lib, to‘liq davlat byudjyeti hisobidan moliyalashtirilayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu esa, davlat arxivini pullik xizmat ko‘rsatish yo‘li bilan mablag‘ topish to‘g‘risida qayg‘urishi o‘rniga davlat va jamiyat ahamiyatiga molik bo‘lgan bebaho milliy merosni asrab avaylash ishlari bilan to‘liq shug‘ullanish imkoniyatini yaratib bergan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivi hujjatlar hajmi va qiymatliligi bo‘yicha Markaziy Osiyodagi eng yirik arxiv sanaladi. Bugungi kunda arxivda 3 milliondan ortiq yig‘majild (delo)lar saqlanib, eng qadimiysi IX asrga oid ma'lumotlarni o‘z ichiga olgan hujjatdir. Ammo ushbu noyob hujjatlar saqlanayotgan arxiv binosi 1964 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, zamonaviy talablarga umuman javob bermaydi. Ma'lumki, arxivning birlamchi vazifasi hujjatlarning bus-butun saqlanishini ta'minlashdir. Ammo O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Davlat arxivining binosida hech qanday sharoitlar mavjud emas. Jumladan, arxiv saqlovxonalarida uzoq yillardan beri konditsioner (qishki va yozgi sovutgich va isitgichlar) tizimi ishlamayotganligi, o‘tgan yillar davomida zaruriy havo va namlikni ta'minlash uchun zaruriy me'yor talablarining bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, rivojlangan xorijiy davlatlar va hattoki bir qator MDH davlatlarida saqlovxonalar zamonaviy stellajlar, yoritish tizimi, qo‘riqlash va yong‘in xavfsizligi tizimlarini kompyuter texnikasi yordamida maxsus dasturda boshqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bizdagi arxivlarda esa hamon eskirgan usulda ishlar davom etmoqda.
3. Masofadan turib axborotni elektron shaklda izlab topish va unga buyurtma berish imkoniyatlari oshib borayotgan bir vaqtda Markaziy davlat arxivida hamon an'anaviy tarzda qog‘oz kataloglaridan foydalanish davom etib kelmoqda. Mazkur masalani hal etish uchun arxivda maxsus dastur ishlab chiqish va texnika sotib olish zaruratining tug‘ilganiga ancha yillar bo‘lgan. Afsuski, bu sohada ham O‘zbekiston arxivlari ancha orqada. Ushbu arxivda “Jahon xotirasi” dasturiga kiritilgan hujjatlarni saqlash va ularni o‘rganish uchun tashrif buyurgan har qanday tadqiqotchiga zaruriy sharoitlar yaratilmagan, deyiladi petitsiyada.
“Yuqoridagi fikrlarni inobatga olib, arxivga “milliy” maqom berish, zamon talablariga javob beruvchi yangi bino qurish, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, arxiv ishini axborotlashtirish to‘g‘risidagi maxsus qarorni qabul qilish vaqti keldi, deb o‘ylaymiz”, - deb yozadi murojaat muallifi.
Mavzuga oid
10:03 / 02.09.2024
“Xalq nazorati” portali orqali qilingan murojaatlar soni 45 mingdan oshdi
17:55 / 28.08.2024
Ko‘p kvartirali uylarning boshqaruvchilari sudga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi
08:34 / 16.05.2024
Soliq qo‘mitasiga eng ko‘p murojaat qaysi hududlardan kelib tushayotgani aytildi
15:07 / 10.04.2024