Jahon | 10:30 / 05.08.2018
8735
2 daqiqa o‘qiladi

Maduro uning hayotiga suiqasd qilganlar eng yuqori jazo olishlariga va'da berdi

Foto: AP

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro uning hayotiga suiqasd qilganlar eng yuqori jazo olishlariga va'da berdi.

"Adolat va eng yuqori jazo! Ular kechirilmaydi. Bunga xalqimiz kelajagi, vatan kelajagi bilan qasam ichaman", — dedi Maduro xalqqa telemurojaatida.

Maduro xalqqa murojaatida suiqasdda o‘ng muxolifatni hamda Kolumbiyadagi muxolifatchilar va qo‘shni davlat prezidenti Xuan Manuel Santosni aybladi. U shuningdek, suiqasdning ayrim tashkilotchilari AQShning Florida shtatida yashashlarini bildirdi va Donald Trampdan bu "terrorchi guruhlarga" qarshi kurashda yordam so‘radi.

Kolumbiya hukumati Venesuela prezidentining ayblovlarini rad etdi va bu ayblovlarni bema'nilik deb atadi.

"TIV Kolumbiya hukumati nomidan Venesuela prezidenti Nikolas Maduro tomonidan mamlakat prezidenti Xuan Manuel Santosga nisbatan bildirilgan ayblovlarni keskin rad etadi. Venesuela prezidentiga qilingan ehtimoliy hujum uchun Kolumbiya rahbari javobgar ekanligi haqidagi ayblovlar bema'nilik hisoblanadi va hech qanday asosga ega emas", - deyiladi Kolumbiya TIVning Twitter’dagi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga uyushtirilgan suiqasdda yetti kishi jarohatlandi. Davlat rahbariga suiqasd portlovchi modda o‘rnatilgan uchuvchisiz qurilmalarda amalga oshirilgan. Maduro milliy bolivar gvardiyasi tashkil etilganligining 81 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan marosimda so‘zga chiqqan paytda qurilmalar harakatga keltirilgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid