Po‘lat Bobojonov Surxondaryoda. IIV tizimidagi 8 nafar rahbar ishdan olindi
Surxondaryo viloyatida ish olib borgan ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi ishchi guruhi viloyatning Uzun, Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Angor tumanlari IIBlarida bo‘lib, shaxsiy tarkib bilan yuzma-yuz uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.
Tuman ichki ishlar bo‘limlarining har birida Ichki ishlar vaziri, general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligida barcha xodimlar ishtirokida tanqidiy ruhda tezkor yig‘ilishlar o‘tkazilib, fuqarolarning noroziligini keltirib chiqaruvchi har qanday holatlarning barvaqt oldini olish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini tubdan yaxshilash bo‘yicha shaxsiy tarkibga aniq vazifalar yuklandi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi mas'ul xodimlaridan iborat tekshiruv guruhi viloyatning barcha ichki ishlar organlari faoliyatini o‘rgandi. Shaxsiy tarkibning ma'naviy yetukligi va huquqiy savodxonligi darajasiga, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligiga, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishiga baho berildi.
2 avgust kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligida o‘rganishlarning yakuniga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas'ul xodimlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida Surxondaryo viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgani aytib o‘tildi. Ko‘rilgan kompleks choralar natijasida viloyat bo‘yicha umumiy jinoyatlar 567 taga yoki 36,1 foizga, jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar 388 taga yoki 35,1 foizga kamayganligi qayd etildi. Viloyat hududida jami 614 ta “Jamoatchilik nazorati maskanlari” tashkil etilgani va aholi gavjum bo‘ladigan 3688 ta obektga videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgani jinoyatchilikka qarshi kurashishda natijadorlikka erishishni ta'minlagani ta'kidlandi.
Shu bilan bir qatorda, ayrim shahar va tumanlarda tegishli chora-tadbirlar tizimli va maqsadli olib borilmayotganligi, profilaktika inspektorlari o‘z faoliyatini mahalla fuqarolar yig‘ini, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi bo‘linmalari va jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda tashkil etmayotganliklari oqibatida oila-turmush va qo‘ni-qo‘shnichilik doirasidagi jinoyatlar, ayniqsa, qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish kabi o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar hamon yuqoriligicha qolayotgani qayd etib o‘tildi.
Ayniqsa, viloyatning Termiz va Sherobod tumanlarida aynan iyun oyining o‘zida jinoyat qidiruv yo‘nalishi bo‘yicha sodir etilgan jinoyatlar soni keskin oshgani, Termiz tumanida joriy yilning olti oyida sodir etilgan jinoyatlarning 18 tasi yoki 44 foizi iyun oyida qayd etilgani tanqid ostiga olindi.
Viloyatda qayd etilayotgan jinoyatlarning chuqur tahlili joylarda ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan sektorlarda hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘zining kutilgan natijasini bermayotganligi ham alohida qayd etildi. Bunga joriy yilning olti oyi mobaynida 717 ta mahallaning 308 tasida yoki 43 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilganini keltirish mumkin.
Majlisda ayrim ichki ishlar organlari xodimlari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tizimda bo‘layotgan o‘zgarishlar, xizmat faoliyatiga aloqador me'yoriy hujjatlarning tub mazmun-mohiyatini anglamay, eskicha uslub va dunyoqarash bilan xizmat olib borayotganligi qayd etilib, qator rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy ta'sir choralari ko‘rildi.
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan bugungi kun talablariga javob bermagani, fuqarolarning manfaati yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmagani uchun bir qator xodimlarga nisbatan intizomiy jazolash choralari ko‘rildi.
Jumladan, xizmat vazifasiga loqaydlik va sustkashlik bilan munosabatda bo‘lib, xizmatni samarali tashkil etish choralarini ko‘rmaganligi, qo‘l ostidagi xodimlar faoliyatini talab darajasida nazorat qilmagani oqibatida shaxsiy tarkib o‘rtasida tartib-intizom susayib ketishiga sababchi bo‘lganligi uchun viloyat IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i I.Xalilov, Termiz shahar IIB boshlig‘i J.Hasanov, Sherobod tuman IIB boshlig‘i D.Kenjayev, Termiz shahar IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Akramov, Sherobod tuman IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari H.Xamitov, Boysun tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari B.Xushbakov, Uzun tuman IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Xamirayev, Termiz tuman IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Mo‘minovlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Jarqo‘rg‘on tuman IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari S.Valiyev, Termiz tuman IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari B.Aminqulov, Jarqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i I.Ibragimov, Angor tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i I.Xushbaqov, Muzrabot tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi boshlig‘i A.Ahmedovlarga “hayfsan” intizomiy jazosi berildi.
Mavzuga oid
11:53 / 13.11.2024
Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila kuchi Surxondaryoda sezildi
08:15 / 13.11.2024
Uch hududda elektrdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi
13:36 / 06.11.2024
Surxondaryoda Cobalt'ning gaz quvuriga urilishi oqibatida avariya holati sodir bo‘ldi
20:01 / 01.11.2024