O‘zbekiston | 08:52 / 08.08.2018
8057
5 daqiqa o‘qiladi

Turizm bo‘yicha ishlar ahvoli “Hukumat soati”da muhokama etildi

Foto: parliament.gov.uz

Prezidentmizning 2017 yil 16 avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “2018-2019 yillarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi” mamlakatda turizmni jadal taraqqiy ettirish, aholi bandligini ta'minlash, valyuta tushumini ko‘paytirish, infratuzilmalarni yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 7 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar birlashmalarining taklifiga binoan mazkur dasturning joylardagi ijrosi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha deputatlarga axborot berish va ularning savollariga atroflicha javob qaytarish uchun O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari taklif etildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, dasturda jami 53 ta tadbir ko‘zda tutilgan bo‘lib, shulardan 22 tasi bajarilgan, qolgan 23 tasi bo‘yicha tegishli vazirlik, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan ishlar olib borilmoqda, 8 ta tadbirning doimiy ravishda o‘tkazilib borilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, dastur doirasida 10 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 4 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi konsullik yig‘imlari tariflariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori asosida yakka tartibdagi xorijiy sayyohlar uchun 30 kun muddatga beriladigan yagona kirish turizm vizalari joriy qilindi. Yakka tartibdagi xorijiy turistlar uchun kirish turizm vizalarini rasmiylashtirish narxi uchdan bir qismga kamaytirildi. Turistlar guruhi vizasini rasmiylashtirish uchun guruhlarning quyi chegarasi ikki barobarga (10 nafardan 5 nafarga) kamaytirildi.

Qo‘mita raisi o‘rinbosarining ta'kidlashicha, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yurtimizga tashrif buyurishning to‘siqlarsiz amalga oshirilishini ta'minlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda sayyohlik yo‘nalishlari, shu jumladan, Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi bo‘yicha turistik marshrutlarni rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Qo‘mita raisi o‘rinbosari tomonidan bildirilganidek, milliy sayyohlik mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda targ‘ib qilish borasida mamlakatimizning turizm salohiyatini xorijiy yirik turizm bozorlarida targ‘ib qilish doirasida “Dam olish dunyosi – 2017” xalqaro turizm ko‘rgazmasi va qator taqdimot tadbirlari tashkil etilgan. Xorijiy mamlakatlar elchilari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot hamda Jahon bankining, shuningdek G‘arbning yirik OAV – “BBC”, “CNN” va “Euronews” vakillari bilan 20 tadan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi. Qator xalqaro turizm forumlari va ko‘rgazmalari, jumladan Madrid, Berlin, Moskva, Ostona, Tokio, Parij, Izmir shaharlarida tashkil etilgan yirik tadbirlarda qo‘mita mutasaddilari ishtirok etdi.

Mamlakatimizning 40 dan ortiq turizm tashkilotlariga Ispaniya, Polsha, Latviya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Turkiya, Indoneziya kabi mamlakatlarning turoperatorlari bilan hamkorlik kelishuvlari o‘rnatishlariga ko‘maklashildi. Jahon hamjamiyatini mamlakatimizning turizm salohiyati to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida 19 ta davlatning (Belgiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya va b.) OAV vakillarining O‘zbekistonga tashrifi tashkil etildi.

“Hukumat soati” doirasida bo‘lib o‘tgan savol-javoblar chog‘ida mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida sinovdan o‘tgan ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganib, amaliyotga tatbiq etish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ochish, foydalanilmayotgan imoniyatlarni ishga solish, infratuzilmalarni xalqaro talablar asosida yaxshilash, bir so‘z bilan aytganda, maftunkor yurtimizga jahon sayyohlari oqimini kengaytirish masalasiga e'tiborni kuchaytirish lozimligi qayd etildi. Ushbu sohaga oid qonun hujjatlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirish zarurligi ta'kidlandi. Xususan, “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar muhokama etildi va ushbu hujjat loyihasini Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish zarurligi ta'kidlab o‘tildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShdan kelgan o‘zbekistonlik Davlat turizm qo‘mitasida yuqori lavozimga tayinlangandi

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid