O‘zbekiston | 10:18 / 08.08.2018
11283
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yangi jamg‘arma tashkil etiladi. U ish o‘rinlari bilan shug‘ullanadi

Foto: Pixabay

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘arma”sining namunaviy nizomi loyihasi e'lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Aholi bandligini ta'minlash ishlarini takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 14 iyuldagi PQ-3856-son qaroriga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘arma”si hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilgan.

Hududiy jamg‘arma Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi yuridik shaxs maqomiga ega davlat muassasasi shaklida tashkil etiladi. Hududiy jamg‘arma mablag‘lari uning mustaqil balansida aks ettiriladi.

Xududiy jamg‘arma mablag‘lari G‘aznachilikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boshqarmalari tomonidan ochiladigan uning g‘aznachilik shaxsiy hisob raqamlarida jamlanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish hududiy jamg‘arma”si tegishligi bo‘yicha hududiy jamg‘arma mablag‘larini tasarruf etuvchilar hisoblanadilar.

Hududiy jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va foydalanishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish Hududiy jamg‘armaning Kuzatuv kengashi tomonidan amalga oshiriladi. 

Quyidagilar hududiy jamg‘armaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali ish o‘rinlari yaratishni rag‘batlantirish;
oilaviy tadbirkorlik va shaxsiy dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini oshirish;
mehnat organlari tomonidan faol maqsadli tadbirlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutuvchi korxonalarni tashkil etish.

Quyidagilar xududiy jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjyeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyetlari daromadlarining prognoz parametrlarini oshirib bajarishdan har oyda tushadigan 40 foizgacha bo‘lgan miqdordagi daromadlar;
mahalliy, xorijiy va xalqaro tashkilotlarning grantlari hamda beg‘araz yordami;
xayriya qiluvchilar - jismoniy va yuridik shaxslar, O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari va norezidentlarining belgilangan tartibda taqdim etiladigan mablag‘lari;
tijorat banklarida ochilgan kredit liniyasi orqali ajratilgan mablag‘lardan olinadigan foiz shaklidagi daromadlar;
davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil qilingan yangi ish o‘rinlari yaratishni nazarda tutuvchi korxonalar foydasidan olinadigan ulush shaklidagi daromadlar;
qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Hududiy jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi yo‘nalishlarda foydalaniladi:

tuman va shaharlarda, ayniqsa, qishloq joylarda doimiy ish o‘rinlari tashkil etuvchi tadbirkorlik sub'yektlarini kreditlar bilan qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklarida kredit liniyasi ochish;
ishchi kuchi ko‘p bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida, ayniqsa, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etishni nazarda tutuvchi korxonalarni tashkil etish, bunda hududiy jamg‘armalarning tashkil etilgan korxonalardagi ulushini xususiy sheriklarga keyinchalik berish shartini nazarda tutish;
mehnat organlari tomonidan aholi bandligini ta'minlashga qaratilgan faol tadbirlar, xususan ishsiz fuqarolarni yaratilgan yangi muqim ish o‘rinlariga joylashtirishga ko‘maklashish, yangidan yaratilgan muqim ish o‘rinlariga talab etiladigan mutaxassislik va kasb bo‘yicha ishsizlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash orqali bandligiga ko‘maklashish tadbirlarini sherikchilik asosida mablag‘ bilan ta'minlash;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari va Qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida yangi ish o‘rinlarini yaratishni nazarda tutadigan loyihalarni, shuningdek, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta'minlashning hududiy dasturlarini amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid