Fan-texnika | 11:48 / 10.08.2018
16094
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbektelekom» Internet-kanallari tariflarini pasaytirdi 

«O‘zbektelekom» operatorlar va provayderlarga Internet-kanallar uchun tariflarni pasaytirdi, deb xabar beradi kompaniya matbuot-xizmati. 

«9 avgust kuni «O‘zbektelekom» AK bosh direktori Shuhrat Qodirov tomonidan mobil va qayd etilgan aloqa operatorlari va provayderlariga cheklanmagan hajmdagi trafikning 1 Mbit/s uchun UZTELECOM Internet-kanallari tariflarini 176 682 so‘mdan 169 065 so‘mgacha pasaytirish to‘g‘risida qaror imzolandi», - deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, bir oyda kompaniya ikkinchi marta Xalqaro paketli kommutatsiya markaziga ulangan operatorlar va provayderlar uchun tariflarni pasaytirmoqda. 

Bundan avval tariflarning pasayishi 19 iyul kuni e'lon qilingan. Unga ko‘ra tariflarning narxi 1 Mbit/s uchun 244 958 so‘mdan 176 682 so‘mgacha pasaytirilgan edi. Shunday qilib, narxlarning umumiy arzonlashishi 3%ni tashkil etdi. 

«O‘zbektelekom» xabarida ta'kidlanishicha, har bir mobil aloqa operatori va provayder taqdim etuvchi xizmatlarining oxirgi iste'molchi uchun narxlarini mustaqil ravishda belgilaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «O‘zbektelekom»da o‘zgarishlar yuz bergani, avvalgi bosh direktor yana rahbar etib tayinlangani xabar qilingandi. 

Mavzuga oid