Yangi nizom loyihasi: OTM bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tishlari majburiy
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i loyihasi e'lon qilindi.
Qayd etilishicha, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq o‘tkaziladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi oliy ta'lim muassasasidagi har bir ta'lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha tashkil etiladigan yakuniy davlat attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
bitiruvchining bilim, malaka va ko‘nikma darajasining davlat ta'lim standartlari talablariga muvofiq kelishini kompleks baholash;
yakuniy davlat attestatsiyasi natijalari bo‘yicha bitiruvchilarga bakalavr (magistr) akademik darajasini berish masalasini hal qilish;
komissiya faoliyati natijalarini tahlil qilish va ular asosida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Yakuniy davlat attestatsiyasi ta'lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) o‘quv rejalariga muvofiq quyidagi turlardagi bir yoki bir necha attestatsiya sinovlaridan iborat:
ta'lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) bo‘yicha fanlararo yakuniy attestatsiya sinovi;
diplom loyihasi, bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertatsiyasi) himoyasi yoki ixtisoslik fanlaridan yakuniy attestatsiya sinovi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyalari raisligiga nomzodlar oliy ta'lim muassasalari tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi sinovlari yozma, test yoki og‘zaki usulda tashkil etiladi va ushbu tartib oliy ta'lim muassasasi Kengashi qarori asosida ta'lim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan belgilanadi hamda yakuniy davlat attestatsiyasi boshlanishidan olti oy oldin talabalar e'tiboriga yetkaziladi. Talabalar sinov o‘tkaziladigan fanlar dasturlari bilan ta'minlanadilar, ularga tayyorgarlik ko‘rish va maslahatlar berish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Yakuniy davlat attestatsiyasiga tegishli o‘quv reja va fanlar dasturlarini to‘liq tugatgan va o‘quv rejasida nazarda tutilgan barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalar qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari tegishli ta'lim dasturlarini to‘liq o‘zlashtirgandan keyin yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tishlari majburiydir.
Mavzuga oid
20:43 / 09.11.2024
Informatika fani o‘qituvchilari ham attestatsiya imtihonidan norozi
14:24 / 06.11.2024
“Nega ustimizdan kulishyapti?” – fizika o‘qituvchilari attestatsiya imtihonidan norozi
18:02 / 17.04.2024
Xususiy oliy ta’lim: tijoriy manfaat va sifatli ta’lim muvozanati qanday topiladi?
09:55 / 30.03.2024