Joriy yilning 3 may kuni xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining navbatdagi 36-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada «Istiqlol» san'at saroyi, uning old qismi hamda «Bunyodkor» metro bekatiga uning avvalgi «Xalqlar do‘stligi» nomini qaytarish masalasi ko‘rildi. Shu bilan birga, mazkur san'at saroyini qayta ta'mirdan o‘tkazish rejaga kiritildi.
Mana bir necha oydan beri ta'mirlash ishlari olib borilmoqda. Ishchilar havo harorati juda issiq bo‘lishiga qaramay tinmay mehnat qilmoqda. Biroq hozirda ba'zi muammolar paydo bo‘lgan. O‘sha yerda ishlayotgan ishchilardan «Kun.uz» tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish uchun ular bilan bog‘landik.
Murojaatchilar turli viloyatlardan kelgan oddiy aholi. Azim Toshkentga rizqini terish uchun kelgan insonlar so‘nggi vaqtda maosh muammosiga duch kelishgan. Ularning aytishicha, ta'mirlashni o‘z zimmasiga olgan qurilish firmasi «Art alians» ishchilarga bir muddatdan beri ish haqilarini bermay kechiktirmoqda. «Ana beramiz, mana beramiz» zaylida ish tutishmoqda.

Murojaatchilarning aksariyati chekka hududlardan kelgani va hayit bayramigacha uyga qaytishni rejalashtirishgan. Lekin ish haqini ololmagan ishchilar pulsiz qayerga ham borardi?! Ularning ham bayram uchun rejalari bor. Ular ham xonadoniga bayramlik qilib ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlariga sovg‘a ko‘tarib borishni niyat qilishgandi. Uzoq muddat farzandlari bilan uchrashmagan otalar bor. Hech bo‘lmasa ikkita non va mayda-chuydalar olib borishni istashadi.
Ular bor yo‘g‘i halol ishlab topgan peshana haqqini so‘rashmoqda.
«Nima qiladi firma egalari odamlarni norozi qilib. Pulini ololmaganlar ketdi qo‘l siltab. Ba'zilarimiz niyatlar qilganmiz. Pulimizni ololmasak, niyatlarimiz nima bo‘ladi? Oilamizga quruq qo‘l bilan qaytamizmi? Saratonni saraton demay, issiqda tepaga chiqib ishladik. Dam olmadik. Bayram yaqinlashgani sabab yo‘l kiralar ham oshib ketdi. Yana oshmoqda. O‘z vaqtida berganida, arzonligida yetib olardik. Boshqa davlatlardan nima kamimiz bor. Boshqa davlatlarda ishlaganmiz. Rossiyada. O‘sha davlatda bugun ishlagan bo‘lsak, ertasiga haqimizni olganmiz», - deydi murojaatchilar.



















