Jamiyat | 03:09 / 16.08.2018
9210
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida Ayollar ijtimoiy moslashuv maslahat markazi ochildi

15 avgust kuni Qibrayda Ayollar ijtimoiy moslashuv maslahat markazi ochildi. Unda Bosh vazir o‘rinbosari, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva va Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva ishtirok etdi. Toshkent viloyati hokimligi vakillari bu haqida KUN.UZ'ga xabar berishdi. 

"O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi "Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish markazi tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu markazda og‘ir turmush sharoitiga tushib qolgan, ruhiy tushkun holatdagi xotin-qizlarga har tomonlama  ijtimoiy-psixologik  yordam ko‘rsatish ishlari amalga oshiriladi", - deydi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva. 

Ochilish tadbiridan so‘ng Tanzila Norboyeva Toshkent viloyati shahar-tuman Xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, "Oila " markazi mas'ullari va otinoyilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

Har bir xonadon, har bir oilaga chuqur kirib, har bir ayolning muammolarini to‘liq o‘rganish va hal etish choralarini ko‘rish, ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni keng targ‘ib etish -   Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi hamda mahallalardagi mutaxassislarning asosiy vazifasi, burch va mas'uliyati bo‘lishi shart. 

Norboyeva o‘z nutqida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar, ajrimlar, o‘z joniga qasd va suiqasd qilish kabi noxush holatlarning ortishiga asosiy sabab - oilalardagi notinch, nosog‘lom muhit, yoshlarni oilaga tayyorlash, ta'lim-tarbiya tizimidagi oqsoqliklar natijasi ekanini qayd etdi. 

Bundan tashqari, joylarda Xotin-qizlar qo‘mitasi va mahalla, IIB, ta'lim va tibbiyot muassasalari, tegishli idoralar hamkorligi, jamoatchilik nazorati samarali yo‘lga qo‘yilsa, bu kabi muammolarning oldini olish mumkinligini alohida ta'kidladi.

Mavzuga oid