Jamiyat | 07:19 / 17.08.2018
9542
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 16ta yangi svetofor o‘rnatildi

Foto: Dreamstime

Toshkent shahar IIBB tomonidan yo‘llarda xavfsizlikni oshirish va YTH sonini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilmoqda, deb xabar beradi IIBB axborot xizmati.

Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan hozirga qadar shahar yo‘llarida:

-754 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi;
-2021ta yo‘l belgilari yangilariga almashtirildi;
-165 049 kvadr metrga yangi yotiq yo‘l chiziqlari chizildi;
-16ta yangi svetofor o‘rnatildi.

Xususan, A.Qodiriy va M.Gandi ko‘chalari chorrahasida, 25 yoshli J.Farangiz halok bo‘lgan YTH sodir bo‘lishidan ikki hafta avval svetofor o‘rnatish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgandi, deyiladi xabarda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB, shahar hokimligi va uning qoshidagi Yo‘l harakatini tartibga soluvchi texnik vositalarni o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish departamenti xodimlari OAV vakiliga ma'lum qilishgan. 

“Qolaversa, bitta svetoforni o‘rnatish moliyaviy va jismoniy omillardan tashqari yana ma'lum vaqtni talab qilishini unutmaslik lozim. Lekin bu Toshkent shahar IIBB xodimlari qo‘l qovushtirib o‘tiribdi, degani emas. IIBB belgilangan topshiriq va vazifalarning ijrosini ta'minlash yuzasidan tegishli choralarni ko‘rib kelmoqda”, - deb xabar beradi IIBB.

Shu yilning 15 avgust kuni Toshkent shahrida 16ta yangi yo‘l belgilari o‘rnatildi, 27tasi almashtirildi, 2152 kvadrat metrga yotiq yo‘l chiziqlari chizildi.

Yo‘llarda qoidabuzarliklarning oldini olish, sonini kamaytirish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda qayd etuvchi vositalarga ham urg‘u berilmoqda. Ushbu texnik uskunalar haydovchilarni qoidalarga amal qilishiga katta hissa qo‘shishi tabiiy.

“Biroq yo‘l harakati ishtirokchilarining qoidalarga amal qilish madaniyatini oshirmasdan turib, to‘laqonli ijobiy natijaga erishish mushkul. Afsuski oramizda qoidalarni buzishi bilan faxrlanadigan haydovchilar ham bor. Bundaylarni na jarima, na kamera va na svetofor, hatto biron kishini urib yuborish ehtimoli to‘xtata oladi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda esa bu kabi qoidabuzarlarga oid ko‘plab videotasvirlar deyarli har kuni kuzatish mumkin. Bu boshqalarga nisbatan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas, shundaymasmi! Biz esa barchani yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga chaqirishdan charchamaymiz!” - deyiladi IIBB xabarida.

Mavzuga oid