O‘zbekiston | 08:23 / 17.08.2018
2186
3 daqiqa o‘qiladi

Turizm sohasidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning soliq solinadigan bazasini kamaytirish tartibi belgilandi

Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining qo‘shma qarori bilan Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning soliq solinadigan bazasini alohida xarajatlari bo‘yicha kamaytirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Hujjat Prezidentning 7.08.2018 yildagi «Ichki turizmni jadal rivojlantirishni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–3514-son qarorining 15-bandini bajarish maqsadida qabul qilindi. Idoralar ushbu bandda ko‘rsatilgan imtiyozlarni taqdim etish tartibini belgiladilar:
 
1 – soliq solinadigan bazani 1.01.2020 yilga qadar sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini qayta tiklash, kapital ta'mirlash va qurishga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga – 100 mln so‘mgacha kamaytirish.
 
Uni qo‘llash uchun soliq to‘lovchi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining (bundan keyin – Markaz) xulosasini olishi lozim.
 
Tegishli ishlar soliq bo‘yicha bir nechta hisobot davrlarida olib borilgan hollarda soliq solinadigan bazani kamaytirishni ishlar yakunlangandan keyin Markazning xulosasini taqdim etish sharti bilan amalga oshirishga ruxsat beriladi.
 
Biroq soliq to‘lovchi 1.02.2020 yilgacha Markazning xulosasini olmagan taqdirda, imtiyoz bekor qilinadi va soliq to‘lovchi u qo‘llangan davrlar uchun aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etishi kerak bo‘ladi. Soliq solinadigan bazaning 100 mln so‘mgacha kamayishi, bir martalik yoki qismlarga bo‘lingan holda, 1.01.2020 yilgacha amalga oshiriladi.
 
2 – soliq solinadigan bazani har yili 1.01.2025 yilga qadar sanitariya qoidalari, me'yorlari va gigiyena normativlariga muvofiq keladigan zamonaviy sanitariya-gigiyena tarmoqlarini, turizm infratuzilmasi obektlarini saqlashga yo‘naltirilgan xarajatlar summasiga – 12 mln so‘mgacha kamaytirish.
 
Ushbu imtiyoz soliq to‘lovchi Markazning xulosasini olganidan keyin taqdim etiladi. Soliq solinadigan bazaning 12 mln so‘mgacha kamayishi 1.01.2025 yilgacha har yili amalga oshiriladi.
 
Soliq solinadigan bazaning kamaytirilishi yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi hamda bozorlar daromadlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
 
Hujjat 14.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid