O‘zbekiston | 10:21 / 18.08.2018
11198
2 daqiqa o‘qiladi

Aholining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirishdagi muammolar ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “Chorvachilikni yanada rivojlantirish, tarmoq faoliyatini muvofiqlashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakat aholisining chorvachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirish, ularni yetishtirish uchun mustahkam ozuqa bazasini yaratish kabi qator masalalar hal etilmayapti, xususan:

birinchidan, chorva mahsulotlarini ishlab chiqarishda ajratilgan yer maydonlarida respublikada mavjud chorva hayvonlari bosh sonlari uchun zarur miqdorlar ko‘zlangan ozuqa ekinlarini ilmiy asoslangan holda joylashtirish, zarur ozuqa mahsulotlari bilan uzluksiz ta'minlash tizimi yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan;

ikkinchidan, mavjud qoramol zotlarini yaxshilash, mahsuldor va mahalliy iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan zotlarni yaratish borasida ilmiy muassasalar va soha vakillari o‘rtasida hamkorlik talab darajasida emas;

uchinchidan, chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari zarur texnika va uskunalar bilan yetarli darajada ta'minlanmagan;

to‘rtinchidan, chorva hayvonlarining ozuqaga bo‘lgan talablarini to‘liq qondirish maqsadida barcha turdagi chorva hayvonlari uchun ilmiy asoslangan me'yor va ratsionlar ishlab chiqishga e'tibor berilmayapti;

beshinchidan, tijorat banklarining kredit mablag‘laridan foydalanishni rag‘batlantirishni, xo‘jaliklar mablag‘larining bank hisob-varag‘iga kirim qilinishining ishonchli, qulay va samarali vositalari joriy etilmagan.

Mavzuga oid