O‘zbekiston | 18:30 / 18.08.2018
29555
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifini yakunlab, Toshkentga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon 18 avgust kuni Samarqand shahriga keldi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara majmuasiga tashrif buyurdi. Birinchi prezident qabriga gul qo‘yilib, Qur'on tilovat qilindi. Mehmonga majmuada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida so‘zlab berildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasini borib ko‘rdi. Imomali Rahmon rasadxonaga yuksak baho berdi. Dunyoning aksariyat o‘lkalari qoloq bo‘lgan o‘rta asrlarda ajdodlarimiz yuksak ilmiy kashfiyotlar qilgani, ular hali-hamon odamlarni hayratga solishini ta'kidladi.

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Afrosiyob muzeyida ham bo‘ldi. Imomali Rahmonga Afrosiyob qal'asi va muzeydagi eksponatlar tarixi, Samarqandning qadimiy o‘tmishi haqida ma'lumot berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Registon majmuasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarga majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulug‘bek, Sherdor va Tillakori madrasalarining tarixi, mustaqillik yillarida bu yerda olib borilgan ishlar haqida so‘zlab berildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Registon maydonida esdalik uchun suratga tushdi.

Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon Amir Temur maqbarasiga ham tashrif buyurdi. Sohibqiron bobomiz ruhi pokiga Qur'on tilovat qilindi. Mehmonlarga Amir Temur hayoti, ushbu maqbara qurilishi haqida so‘zlab berildi. Tojikiston prezidenti o‘zi uchun Amir Temur va temuriylar davlati tarixiga oid yangi jihatlarni kashf etganini ta'kidladi.

Shu bilan Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmonning mamlakatga davlat tashrifi yakunlandi. Samarqand xalqaro aeroportida uni prezident Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi. 

Shavkat Mirziyoyev 18 avgust kuni Samarqandda shahar infratuzilmasini rivojlantirishga doir loyihalar bilan ham tanishdi. Prezident Samarqand shahri Bosh rejasini xorijlik mutaxassislar bilan birgalikda loyihalashtirish, katta mehmonxonalar bilan birga sayyohlar uchun kichik-kichik otellar ham bunyod etish zarurligini ta'kidladi. Samarqandda yo‘llar, binolar, transport infratuzilmasi, o‘rindiqlargacha - hamma-hammasi chuqur o‘ylanishi, insonlar uchun qulay bo‘lishi lozim, dedi davlat rahbari.

 

Mavzuga oid