Tez o‘suvchi daraxt va butalarni kesish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi kutilyapti
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining “Plantatsiyalarda hamda davlat o‘rmon fondi uchastkalarida maqsadli foydalanish, sanoat va aholining yog‘ochga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash uchun yetishtirilayotgan tez o‘suvchi daraxt va butalarni kesish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, kesish uchun maydon ajratish plantatsiyalarda hamda davlat o‘rmon fondi uchastkalarida maqsadli foydalanish, sanoat va aholining yog‘ochga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash uchun yetishtirilayotgan tez o‘suvchi daraxt va butalarni yetilish yoshi, uning talab darajasidagi sifat ko‘rsatkichi hamda miqdor ko‘rsatkichidan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Kesish uchun maydon ajratish davlat o‘rmon xo‘jaliklarining bosh o‘rmonchisi, o‘rmon begi, o‘rmonchisi yoki boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanishidagi o‘rmonlarning mas'ul shaxslari tomonidan kesish rejasiga asosan amalga oshiriladi.
Kesish uchun ajratilgan maydondagi daraxt va butalar belgilangan ko‘rsatkichlar asosida tanlanadi va ushbu maydondagi daraxt va butalarni kesish uchun ajratilgan maydon sifatida qabul qilinib, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi.
Dalolatnomada kesish uchun ajratilgan maydon o‘lchami, plantatsiyaning barpo etilgan yili, daraxt va butalarning yoshi hamda ularning tur tarkibi ko‘rsatiladi.
Kesish uchun ajratiladigan yer maydoni chegaralanadi va kesish uchun mo‘ljallangan daraxt va butalar belgilanadi.
Kesish uchun ajratilgan yer maydonini aniqlash va uni belgilashda quyidagilarga ahamiyat beriladi:
daraxtlarni kesmasdan chegaralarni aniqlash;
ajratiladigan maydonlarni belgilovchi ustunlarni joylashgan o‘rni;
kesishga mo‘ljallanmagan yer maydonlarini ajratilgan maydonlardan belgilar yordamida ajratish;
chiziqlarni o‘lchash, ular orasidagi burchakni, qiyaligini aniqlash hamda doimiy belgi sifatida ajratilgan yer maydonlariga va ularning taksatsion ma'lumotli joylarga belgilar qo‘yish.
Kesish uchun ajratilgan yer maydoni chegarasidagi kesishga mo‘ljallanmagan daraxtlarga belgilar qo‘yiladi (to‘q mato, lenta, kraska yoki skotch). Kesish uchun ajratilgan maydonda kesishga ajratilgan daraxtlar shoxlari kesilgan hamda atrofi butalardan tozalangan bo‘lishi kerak.
Kesishga ajratilgan yer maydonida noaniqlik 3 foizdan oshmasligi kerak.
Kesishga ajratilgan yer maydonlarini aniqlashda, ularning chegaralarini belgilashda navigatsiya asboblaridan foydalanishga ruxsat beriladi.
Kesish uchun ajratilgan maydonlar chegara burchaklariga diametri 18-20 smdan kam bo‘lmagan, balandligi 1.8-2.3 sm, yer ustki qismi 1.3 m ni tashkil etadigan ustunlar o‘rnatiladi. Ushbu ustunlarda qora kraska bilan qaysi o‘rmon bo‘limi (aylanmasi) yoki yer konturiga qarashliligi yer maydoni, gektari, kesiladigan yil, kesiladigan daraxt va butalar hajmi hamda kesish turi ko‘rsatilgan ma'lumotlar yozib qo‘yiladi.
Kesish uchun ajratilgan maydondagi daraxt va butalarni kesish tanlangan holda yoki ajratilgan maydondagi daraxt va butalarni yoppasiga kesish orqali olib borilishi mumkin.
Kesish uchun ajratilgan yer maydoniga quyidagilar kiritilmaydi:
urug‘lik yoki ekishga qalamchalar olish uchun ajratilgan yer maydoni va polosalar;
yetilgan daraxtlar orasidagi sanoat talabi uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan yosh va yetilmagan daraxtlar.
Kesish uchun maydon ajratilayotganda yuqoridagi kriteriyalar ko‘rsatilmagan taqdirda, kesish uchastkalarini ajratishda ushbu ko‘rsatgichlarni inobatga olib hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritiladi.
Tez o‘suvchi daraxt va butalarni kesish quyidagi turlarga bo‘linadi:
siyraklashtirish;
o‘tish joylari ochish;
sanitar kesish;
tanlab kesish;
yoppasiga kesish.
Tez o‘suvchi daraxt va butalarni kesish ishlari olib borilgan maydonlardagi kesilgan yog‘och mahsulotlarini yo‘l yoqasiga olib chiqish, qisman uni qayta ishlash, saqlash va ularni jo‘natish ishlari belgilangan reja asosida davlat o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan, boshqa idoralar va yuridik shaxslar foydalanishidagi o‘rmonlarda esa – ularning mas'ul shaxslari tomonidan amalga oshiriladi.
Daraxt kesish va yog‘och tayyorlashda quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
o‘rmon ko‘chatlariga, o‘simlik va tuproq qatlamiga zarar yetkazish;
kesish mobaynida yo‘llarning, ko‘priklarning, yo‘l, suv va boshqa inshootlarning holatlariga zarar yetkazish;
kesilgan yog‘och mahsulotlarini qoldirish va saqlash uchun mo‘ljallangan hududlardagi o‘rmon ko‘chatlariga zarar yetkazadigan, kesilgan yoki singan holatlarda daraxt va butalarni qoldirish;
chegara, aylanma va boshqa hudud belgilarini, daraxt, buta va ularning to‘nkalariga qo‘yilgan belgilarni yo‘q qilish;
ushbu Nizomda hamda boshqa qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan muhofaza qilinadigan o‘rmon ko‘chatlarini hamda urug‘lik yoki ekish qalamchalari olish uchun ajratilgan daraxt va butalarni kesish va ularga zarar yetkazish;
kesish uchun belgilangan muddat tugaganda (ma'lum vaqtgacha to‘xtatilgan taqdirda ham) hamda foydalanish huquqi berilgan shartnoma muddati tugagandan keyin kesish;
belgilangan muddatda yog‘ochlarni olib chiqib ketmaslik;
texnologik xarita ko‘rsatilmagan joyga kesilgan yog‘ochlarni olib ketish, kesilgan yog‘och mahsulotlarini yo‘l yoqasiga olib chiqish;
kesish ishlari olib borilgan yer maydonini tozalamaslik yoki o‘z vaqtida tozalashga ulgurmaslik;
yuk ortish va uni olib chiqish maydonlaridagi unumli yer ustki qismini yo‘q qilish.
Mavzuga oid
08:44 / 06.06.2022
Parrandachilikni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi o‘zgaradi
09:01 / 08.04.2022
«Olima ayollar jamiyati» nimalar bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi
21:03 / 01.04.2022
Zamin fondi aksiyasi doirasida Toshkentning 13 gektardan oshiq maydoniga daraxt ekildi
07:51 / 26.03.2022