Jahon | 10:45 / 22.08.2018
6206
2 daqiqa o‘qiladi

Pokistonning yangi bosh vaziri Hindiston rahbariyatini muloqotga chaqirdi – OAV

Foto: Getty Images

Pokistonning yangi bosh vaziri Imron Xon Hindiston rahbariyatini mavjud ziddiyatlarni, jumladan Kashmir masalasini muloqot yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi. Bu haqda Chicago Tribune nashri ma'lum qildi.    

“Mintaqamizda kambag‘allikni yengish va aholi turmush darajasini oshirishning eng yaxshi usuli – muammolarimizni hal qilish va muloqotga o‘tishdir. Olg‘a borishimiz uchun muloqot boshlashimiz va barcha bahsli masalalarimizni, jumladan Kashmir muammosini hal qilishimiz lozim”, deb aytgan Imron Xon.

Kashmir knyazligi hududi 1947 yildan beri Hindiston va Pokiston o‘rtasida bahsga sabab bo‘lib kelmoqda. O‘shanda Britan Hindistoni mustaqillikka ega bo‘lgach, diniy mansublik bo‘yicha ikki davlatga bo‘lingan. Hindiston va Pokiston o‘rtasida kechgan uchta urushdan ikkitasi aynan Kashmir sababli yuz bergan. Ayni vaqtda Kashmirda davlat chegaralari mavjud emas: uning hududini Nazorat chizig‘i ajratib turadi. Hududning hind qismida uning Hindistondan ajralishi uchun kurashuvchi guruhlar harakat qiladi. Nyu-Dehli Islomobodni bu guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi, Pokiston esa buni rad etib keladi.

Imron Xon 17 avgustda Pokistonning yangi bosh vaziri etib saylandi. Uning nomzodini mamlakat parlamenti quyi palatasi – Milliy assambleyaning 272 deputatidan 176 nafari qo‘llab-quvvatlagan.  

Mavzuga oid