Jamiyat | 13:19 / 24.08.2018
30628
3 daqiqa o‘qiladi

Foydalanuvchilar IIVning kafe va restoranlar ishini 23:00dan keyin taqiqlash haqidagi loyihasini tanqid qilishdi

Foto: newopen.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan, Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Unda savdo obektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida soat 21:00 dan 09:00 ga qadar alkogolli mahsulotlarni sotishga yo‘l qo‘yilmasligi, ko‘ngilochar savdo obektlari va umumiy ovqatlanish korxonalarida xizmat ko‘rsatish soat 23:00 dan boshlab to‘xtatilishi haqida so‘z yuritilgan. 

Bunda cheklovlar faqat quyidagi savdo obektlari va umumiy ovqatlanish korxonalariga nisbatan tatbiq etilmaydi: respublika hududida o‘rnatilgan tartibda faoliyat yuritayotgan mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari tarkibida tashkil etilgan; maxsus turizm zonalarida (erkin turizm zonalari, kichik turizm zonalari, turizm zonalari va turizm klasterlari) faoliyat yurituvchi; “Tourist friendly” tizimi orqali sertifikatlangan.

Foydalanuvchilarning aksariyati izohlarda loyihani ham, g‘oyaning o‘zini ham tanqid ostiga oldi. Ta'kidlanishicha, umumiy ovqatlanish joylari hozir o‘z ish vaqtini o‘zi belgilaydi, hujjat esa ularni bu huquqda cheklaydi.

«Bu qaror chiqsa IIBga ish qolmaydi-ku. Shu qaror bilan birga, IIBni tugatishga qaror chiqarib qo‘yaveraylik. Hamma narsani cheklash bilan ish bitmaydi!» - deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

Boshqa bir foydalanuvchining yozishicha, bu korrupsiyaga va bir qator fuqarolarning ishsizligiga olib keladi. «Alkogol sotmaydigan oshxonalarning (fast-fud, diyet kafe va bistrolar) faoliyatini cheklash noto‘g‘ri. 21:00da alkogol sotma, degan bilan sotishadi, yana korrupsiya, tekshirishlar boshlanadi. 23:00 gacha alkogol sotuvchi korxonalarning faoliyatini cheklab, sotmaydiganlarga ruxsat berish kerak», - deb yozadi ushbu foydalanuvchi.

Yana bir foydalanuvchining bildirishicha, tungi klublar va shunga tenglashtirilgan spirtli ichimlik sotuvchi korxonalarga maxsus tartib saqlovchilar, yani IIV tizimidan maxsus tartibda psixologik nazoratdan o‘tgan shaxslarni litsentsiyalash orqali qo‘yishga ruxsat berish kerak. Yoki shaxsiy qo‘riqlash tashkilotlarini ochishga ruxsat berib, IIV tizimida ro‘yxatdan o‘tkazib, xodimlari maxsus ko‘rikdan o‘tishi ko‘rsatilib, muqaddam sudlanmagan, psixologik jihatdan barqaror fuqarolarni qabul qilish lozim.

«Bir-ikkita bezori pichoqlashgani sababli qolgan millionlab aholi uchun klubga borishni cheklash - bu kalta fikrlash. Balki, respublika hududida pichoqlarni taqiqlash kerakdir? Qonunchilarimiz ko‘zi bilan qaraganda bu yanayam samarali yo‘l bo‘lsa kerak», - deyiladi izohlardan birida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 21:00dan keyin alkogolli mahsulotlar sotilishi rasman taqiqlanishi kutilayotgani xabar qilingandi. 

Mavzuga oid