Osiyo o‘yinlari. Sakkizinchi kunda jami 6 medal
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining 26 avgust kunidan o‘rin olgan musobaqalarida o‘zbekistonlik 18 nafar sportchi yakkalik va jamoa holda 7 sport turi bo‘yicha bahs olib borishdi.
Bugungi bahslarda O‘zbekiston delegatsiyasi 1 oltin, 1 kumush va 4 bronza, jami 6ta medal qo‘lga kiritdi.
Karate
O‘zbekiston karate jamoasining -60 kg vazn toifasidagi vakili Sadriddin Saymatov Osiyo o‘yinlari bronza medali sovrindoriga aylandi.
-67 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan karatechi Iqboljon Uzoqov nimchorak finalda Saudiya Arabistoni vakili Fahad Alxatamiga 1:4 hisobida yutqazib qo‘ydi va turnirdagi ishtirokini yakunladi.
Musobaqalarda -61 kg vazn toifasida ishtirok etgan Barno Mirzayeva ham bronza medal bilan taqdirlandi.
Jiu-jitsu
O‘zbekistonlik jiu-jitsular bu safar ham medal olisholmadi.
-77 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Mirali Sharipov 1/16 finalda qozog‘istonlik Oljas Nurtakanovni 2:0 hisobida mag‘lub etdi va nimchorak finalga yo‘l oldi. Ammo keyingi bosqichda u qirg‘izistonlik Nursultan Alimkulovga 0:16 hisobida mag‘lub bo‘ldi va musobaqadagi ishtirokini yakunladi.
Shu vazn toifasidagi Ulug‘bek Otamurodov ilk jangida mo‘g‘ulistonlik Yerkbayar Batkuyangga 2:4 hisobida yutqazib qo‘ydi.
Boks
O‘zbekistonlik bokschilar ishonchli harakat qilishda davom etishmoqda. Bugungi bahslarda ringga chiqqan 3 bokschi ham keyingi bosqichga yo‘l oldi.
O‘zbekiston boks terma jamoasining -52 kg vazn toifasidagi vakili Jasur Latipov nimchorak finalda xitoylik Jiangua Xuni 3:2 hisobida mag‘lub etdi va chorak finalga chiqdi.
Boks terma jamoasining -60 kg vazn toifasidagi vakili Shunqor Abdurasulov esa nimchorak finalda filippinlik Jyeyms Palisteni 5:0 hisobida yengib, keyingi bosqichga o‘tdi.
-69 kg vazn toifasidagi Bobousmon Baturov esa xitoylik Maimaititu Kyong bilan jang qildi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. U ham chorak finalda.
Golf
O‘zbekiston golf jamoasi 20 jamoa ichida 19-o‘rinni egalladi.
Yakkalik bahslarida ham O‘zbekiston vakillari quyi pog‘onalarni band etishdi: Kanatbek Kurbanaliyev (69), Yevgeniy Li (72), Ten Roman (74) va Sergey Chen (81).
Penchak silat
Penchak silat bo‘yicha -65 kg vazn toifasida ishtirok etgan Abdumalik Salimov yarim finalda indoneziyalik Pratama Iqbol Sandraga 0:5 hisobida yutqazdi. 17 yoshli Salimov chorak finalda eronlik Muhammad Rahimbalani 3:0 hisobida mag‘lub etgandi. Yarim finalda yutqazgan sportchi O‘zbekiston hisobiga yana bitta bronza medal keltirdi.
Og‘ir atletika
O‘zbekiston og‘ir atletika jamoasining bugungi bahslarda ishtirok etgan ikki vakili ham medal oldi.
Dastlab 75 kg vazn toifasida qatnashgan Omadoy Otaqo‘ziyeva 237 kg natija qayd etib (dast ko‘tarishda 101, siltab ko‘tarishda esa 136), ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston og‘ir atletika jamoasi yetakchisi, Rio olimpiadasi chempioni Ruslan Nuriddinov esa Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi.
105 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Ruslan Nuriddinov 421 kg (dast ko‘tarishda 191kg, siltab ko‘tarishda 230 kg) natija qayd etib, birinchi o‘rinni egalladi va O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medalni qo‘shib qo‘ydi. Ruslan o‘z natijasi bilan Osiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.
Bu O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlari tarixidagi og‘ir atletika buyicha ilk oltin medalidir.
Yengil atletika
Bosqon uloqtirish bo‘yicha bahslarda Suxrob Xo‘jayev uchinchi natija qayd etib, O‘zbekiston hisobiga 11-bronza medali keltirdi.
100 metrga yugurish bahslarida ishtirok etgan Nigina Sharipova yarim finalda o‘z guruhida birinchi bo‘ldi va finalda qatnashdi. Ammo medallar uchun bahsda u 11,45 s natija bilan yettinchi bo‘ldi.
Yana bir yengil atletikachi Yelena Smolyanova yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etdi va 15,74 m natija ko‘rsatib, beshinchi pog‘onadan joy egalladi.
Osiyo o‘yinlarining sakkizinchi kun bahslaridan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 28taga yetdi - 6 oltin, 11 kumush va 11 bronza. O‘zbekiston hamon umumiy reytingda 10-o‘rinda qolmoqda.
Mavzuga oid
20:45 / 15.03.2024
Erkaklar va ayollar o‘rtasida mahalla futbol terma jamoalari tuziladi
08:53 / 07.12.2023
Og‘ir atletika bo‘yicha Ruslan Nuriddinov sport markazi tashkil etiladi
15:23 / 04.12.2023
Toshkent og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
13:16 / 13.05.2023